Qir-adirlar etagidagi intensiv bogʻ
Namangan viloyati Chortoq tumanilik Sobirjon Musaboyev tajribali sohibkorlardan.
Namangan viloyati Chortoq tumanilik Sobirjon Musaboyev tajribali sohibkorlardan.
U 8 yil avval Chortoq tumanidagi qir-adirlar etagida “Bogʻi Eram invest” fermer xoʻjaligini tashkil etib, 5 gektarlik intensiv bogʻga Serbiyadan keltirilgan “Golden”, “Aydaret”, “Grant Smit” navli 10 ming tup olma koʻchatini oʻtqazgan. Toʻliq ildiz otgan nihollar uchinchi yili hosil bera boshladi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, olma daraxti hosilga kirgach, bir yilda har tupidan oʻrtacha 50-60 kilogramm, 5 gektar bogʻdan esa 300 tonna meva olish mumkin.
– Mamlakatimizda bogʻdorchilikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtibor yutuqlarimizning muhim omili boʻlmoqda, – deydi bogʻbon Sobirjon Musaboyev. – Oʻtgan yili bogʻdan 150 tonna hosil oldik. Bu yilgi rejamiz undan ham yuqori. Ichki bozordan ortgan mevalarni tashqi bozorga chiqarish niyatidamiz. Bu borada Rossiyaning Novosibirsk viloyati bilan eksport shartnomasini imzoladik.