Qimorbozga karantin kor qilmaydimi?
Navoiyda karantin qoidalarini qasddan buzgan qimorbozlar qoʻlga olindi.
Navoiyda karantin qoidalarini qasddan buzgan qimorbozlar qoʻlga olindi.
Joriy yil 8-aprel kuni kechki soat 21:40 da Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan olingan tezkor maʼlumotlarga asosan Karmana tumani hududida tezkor-profilaktik tadbir oʻtkazildi.
Tezkor tadbir davomida aniqlandiki, Karmana tumanida istiqomat qiluvchi 1960-yilda tugʻilgan 4 nafar farzandning otasi F.M. oʻzining yashash xonadonida qimorxona tashkil etib, tavakkalchilik asosida qurilgan oʻyinga tanishlari P.B., A.J., O.E. hamda V.Sh.larni jalb etgan holda, karantin qoidalarini keskin tartibda buzib, moʻmay pul evaziga qimor oʻyinini oʻynash jarayonida daliliy ashyolar bilan qoʻlga olindi.
Qimor oʻyini davrasida tikilgan umumiy qiymatdagi 3 million 712 ming 500 soʻm pul mablagʻlari hamda 7 dona oʻyin kartalari daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirildi.

Shuningdek, V.Sh. boshqaruvida boʻlgan “Damas” rusumli avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan, yashash xonadonida qimorxona tashkil etganligi sababli F.M.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasi bilan, qimor oʻyinining ishtirokchilari hisoblangan P.B., A.J., O.E.hamda V.Sh.lar Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 191 hamda 54-moddalariga asosan tegishli tartibda javobgarlikka tortildi.
“Dunyoni suv bossa, oʻrdakka ne gʻam”, – qabilida ish yuritgan qoidabuzarlarning bunday nomaʼqul xatti-harakati har qanday kishining ensasini qotirishi tabiiy hol. Fuqarolarga karantin qoidasiga amal qilish qonun doirasida qatʼiyan belgilangan ayni paytda oʻzining hamda oilasining salomatligiga yuzaki qarayotgan, xalqimiz tahlikali jarayonni boshdan kechirayotgan pallada tomoshabin sifatida qonun buzish holatlarini qasddan sodir etayotgan shaxslarni hech qanday izoh bilan oqlab boʻlmaydi.
Eng achinarlisi 3 va 4 nafardan farzandlarning otasi boʻlgan bu qimorboz oila boshliqlari orasida hatto oliy maʼlumotli, oʻqimishli insonning ham borligini qanday izohlash mumkin?!