Qidiruvdagi shaxslar oilasiga qaytarilmoqda
Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz hudud – dolzarb 50 kun” nazorat tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyat IIBB tezkor xodimlari va qo‘shni respublika xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi tadbirlar natijasida jinoyat sodir qilib, uzoq yildan buyon qidiruvda bo‘lgan 5 nafar shaxs chegara postlari orqali Qozog‘iston Respublikasidan mamlakatimizga o‘tkazildi.
Ular uzoq yillar davomida qo‘shni davlat Qozog‘istonning 10 ga yaqin shaharlarida yashiringan holda yashab kelgan. Ushlangan shaxslarning ikki nafari (1984 yili tug‘ilgan Q.U. va K.A.) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 119 va 164-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun 15-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan. Yana ikki nafari (1973 yili tug‘ilgan I.Ch. va 1983 yili tug‘ilgan A.S.) 11 yildan beri Jinoyat kodeksining 135 va 223-moddasi hamda 182-, 210- va 223-moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlari uchun qidiruvga berilgan.


Shuningdek, yana bir shaxs (1978 yili tug‘ilgan M.M.) esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun tergov va sud organlaridan yashiringan holda 5 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan. Bundan tashqari, yilning o‘tgan davri mobaynida IIBB va uning quyi tizim xodimlari tomonidan ming nafardan ortiq qidiruvdagi shaxslar ushlanib, bedarak yo‘qolganlar oilasiga qaytarilgan.
A.Musayev, O‘zA