Qidiruvdagi ota shifoxonadan topildi
Gap shundaki, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanlararo sudining 2019 yil 9 iyuldagi ijro hujjatiga asosan, undiruvchi Ye.B.dan sobiq turmush o‘rtog‘ining foydasiga bir nafar farzandi ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Ota aliment pulini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelganligi oqibatida uning qarzdorligi 34 million so‘mdan oshib ketgan.
Yuzaga kelgan qarzdorlikni undirish maqsadida otaning yashash manziliga bir necha marotaba borilganida, u Rossiya Federatsiyasiga 2018 yilda chiqib ketganidan buyon qaytib kelmaganligi aniqlandi. Unga nisbatan bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan qidiruv e’lon qilindi.
Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qidiruv bo‘limi tomonidan Chimboy tuman bo‘limi xodimlari bilan birgalikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirida qarzdor Chimboy tumani tibbiyot birlashmasida davolanayotganligi ma’lum bo‘ldi. Shunda ota bo‘lim davlat ijrochisidan uning farzandi voyaga yetkuniga qadar to‘lashi lozim bo‘lgan aliment pulini hisoblab berishini so‘ragan. Shundan so‘ng, hisoblangan 68 million so‘m aliment pulini qarzdor undiruvchiga naqd holda to‘lagan.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri