Qidiruvdagi “Mercedes Bens” Buxoroda topildi
Ayrim tadbirkorlar kreditlarni olishga olib, qaytarmaslikka va garovga qo‘yilgan mol-mulklarini yashirishga harakat qiladi.
Majburiy ijro byurosi organlari ish yurituviga kelib tushgan banklar foydasiga undirish bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlash, qarzdorlarga tegishli mol-mulklarni qidirib topish va qarzdorliklarni bartaraf etish borasida bir qator ishlar qilinmoqda.
Qidiruv harakatlari Majburiy ijro byurosi organlari qidiruv xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Qidiruv harakatlari dastlab ijro hujjatini ijro etish joyida, qarzdorning ma’lum bo‘lgan oxirgi yashash joyida yoki uning mol-mulki turgan joyida yoxud undiruvchining yashash joyida olib boriladi.
Bunday hollarda ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash qidiruv harakatlarining natijasiga bog‘liq, chunki qarzdor shaxs yoki uning mol-mulklari topilgunga qadar ijro ishi ijrosini ta’minlash imkoniyati bo‘lmaydi va ijro harakatlari to‘xtatib turiladi.
Misol uchun, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tumanlararo sudining 2022 yil 24 maydagi ijro hujjatiga asosan undiruvchi ATB “ASIA ALLANSE BANK” Shayxontohur filiali foydasiga qarzdorlar “SAMARKANDA TRAVEL AND TOURS” MCHJ va K.Usanovdan solidar tartibda 135 ming AQSH dollari muddatli kredit qarzi, 165 ming AQSH dollari muddati o‘tgan kredit qarzi, 70.382 AQSH dollari muddati o‘tgan foiz qarzi va 24.293 AQSH dollari muddati o‘tgan asosiy qarz jami 395.026 AQSH dollari undirish va undiruvni mazkur MCHJga tegishli 2019 yilda ishlab chiqarilgan 2 ta avtobus va 3 ta mikroavtobuslarga qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Shayxontohur tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan shu kuni ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qaror nusxasi taraflarga yuborilgan. Ixtiyoriy muddat davomida qarzdorlik bartaraf qilinmaganligi sababli, davlat ijrochisining qaroriga asosan qarzdor MCHJga tegishli garovga qo‘yilgan avtotransport vositalariga nisbatan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida” gi Qonunning 42-moddasiga asosan qidiruv e’lon qilingan.
Qidiruv harakatlari dastlab ijro hujjatini ijro etish joyida olib borilgan va keyinchalik qidiruv hududi kengaytirilgan. Qidiruv tadbirlari davomida qidirilayotgan mikroavtobuslardan biri Buxoro shahrida bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumotlar olingan.
Byuroning viloyat boshqarmasi qidiruv xodimlari tomonidan joriy yilning 12 aprel kuni o‘tkazilgan qidiruv tadbirlari natijasida qarzdorga tegishli qidiruvdagi “Mercedes Bens” rusumli mikroavtobus Buxoro shahri hududida aniqlanib, tegishli ravishda xatlangan va vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Hozirda, ijro harakatlari davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA