Qidiruvdagi alimentchi otalar 15 sutkaga qamaldi
Majburiy ijro byurosi Muzrabot tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan uch nafar qidiruvdagi aliment to‘lovchi otalar olib borilgan tezkor qidiruv chog‘ida Surxondaryo viloyatining Boysun, Sherobod tumanlaridan, yana biri esa Toshkent shahridan topildi.
Farzandlariga aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan otalarga MIBning tuman bo‘limi ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga taqdim etdi.
Uch nafar qarzdor otaning ishi ochiq sud majlisida atroflicha ko‘rib chiqilib, qonuniy jazo choralari qo‘llanildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sherobod tumanlararo sudining 2018 yil 24 iyuldagi sud buyrug‘iga asosan Muzrabot tumanida yashovchi D.Azizovga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan.
Biroq, aliment to‘lashdan bosh tortib kelgan D.Azizov Byuroning viloyat boshqarmasi qidiruv guruhi tomonidan olib borilgan tezkor qidiruvda 19 may kuni Toshkent shahridan topilib, ijro harakatlarini davom ettirish uchun MIBning Muzrabot tumani bo‘limiga olib kelingan.
Ochiq sud majlisida farzandi uchun 18 million 192 ming so‘m aliment pullarini to‘lamaganini tan olgan D.Azizovga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasiga asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.
Shuningdek, Boysun va Sherobod tumanidan topilgan bemehr alimentchi otalar ham sud qarori bilan 15 sutkaga qamaldi.
Sudda qarzdor alimentchi otalarga nisbatan qo‘llanilgan ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqish ularni aliment pullarini to‘lashdan ozod etmasligi tushuntirildi.
Ulug‘bek Xaydarov,
MIB Surxondaryo viloyat
boshqarmasi inspektori
(Xolmo‘min MAMATRAYIMOV)