Qibrayda polo bo‘yicha final bahslari bo‘lib o‘tdi
Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi “Universal jamping agro” ot sporti klubida 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Bayram tadbirida harbiy texnikalar namoyishi uyushtirildi. Dala oshxonasi faoliyatidan yig‘ilganlar bahramand bo‘ldilar. Mudofaa vazirligi harbiy ansambli artistlari ijrosida urush yillarida aytilgan qo‘shiqlar ijro etildi. Tadbirga tashrif buyurgan faxriylarga Qibray tumani hokimiyati, Ot sporti Polo federatsiyasi, “Bogatir” shirinlik mahsulotlari tomonidan sovg‘alar hadya etildi.
[gallery-2360]
Yig‘ilganlar Ohangaron tumanining “Oltin qanot” hamda Toshkent tumanining “Bayir” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uloq-ko‘pkari bahslarini hayajon ila kuzatdilar. So‘ngra polo bo‘yicha final bahslari bo‘lib o‘tdi. Qashqadaryolik chavandozlar va “Universal jamping agro” o‘rtasida kechgan o‘yin 7:0 hisobida qashqadaryoliklar foydasiga hal bo‘ldi. So‘nggi o‘rin Zangiota tumani jamoasiga nasib etdi.
Muhammad AMIN(surat), O‘zA