Qayta sug‘urta – mijozlarga qulaylik
Milliy matbuot markazida “O‘zagrosug‘urta” davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasida qayta sug‘urtalash siyosati va uning kompaniya moliyaviy barqarorligiga ta’siriga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida “O‘zagrosug‘urta” davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasida qayta sug‘urtalash siyosati va uning kompaniya moliyaviy barqarorligiga ta’siriga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.“O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari Ixtiyor Nurmuhamedov va boshqalar mamlakatimizda sug‘urta sohasini takomillashtirishga yo‘naltirilgan izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2008-yil 21-mayda qabul qilingan “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
“O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi mamlakatimizdagi yetakchi sug‘urta kompaniyalaridan biri bo‘lib, yuridik va jismoniy shaxslarga sug‘urtaning bir necha toifasi bo‘yicha yuzdan ortiq sug‘urta xizmati ko‘rsatib kelmoqda.Korxona va tashkilotlar hamda aholi mulkini, transport vositalarini sug‘urtalash, ixtiyoriy-tibbiy sug‘urtalash, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash, qishloq xo‘jaligi ekinlarining bo‘lg‘usi hosilini sug‘urtalash shular jumlasidandir.
Aholiga ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari, jumladan, qayta sug‘urtalash tobora ommalashmoqda. Qayta sug‘urtalash qaltislikni qabul qilish bilan bog‘liq iqtisodiy munosabatlar tizimi bo‘lib, sug‘urta operatsiyalari moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan xavfning bir qismini o‘zaro kelishilgan holda boshqa sug‘urtalovchiga berish tushuniladi.
– Qayta sug‘urtalash shartnomalari bir tomondan sug‘urta kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro tuzilishi yoki qayta sug‘urta brokerlari xizmatidan foydalanilgan holda tuzilishi mumkin, – deydi kompaniya axborot xizmati xodimi Dilobar Muhammadjonova. – Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, qayta sug‘urta qilishda sug‘urta tovonini yoki sug‘urta pulini to‘lash uchun asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalanuvchi oldida ushbu shartnoma bo‘yicha sug‘urta kompaniyasi javobgar bo‘lib qolaveradi. 2013-2015-yillarda kompaniyamiz 26 sug‘urta kompaniyasi, to‘rtta sug‘urta brokerlari va xorijiy qayta sug‘urta brokerlari bilan xamkorlik shartnomalarini tuzdi. 2014-yilda boshqa sug‘urta kompaniyalaridan mingdan ziyod va joriy yilning o‘tgan davrida besh yuz ellikdan ortiq yirik qaltisliklar bo‘yicha sug‘urta majburiyatlari olindi. Kompaniya 2014-yilda 10 milliard so‘mdan ziyod sug‘urta tovonlari to‘lab bergan bo‘lsa, uning 10 foizi qayta sug‘urta to‘lovlariga to‘g‘ri keldi.
«O‘zagrosug‘urta» sug‘urta kompaniyasida ixtisoslashgan departament tashkil etilgan bo‘lib, ular «Kiruvchi» qayta sug‘urta yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritmoqda. Bunda sug‘urta bozoridagi kompaniyalar taklif etgan qaltisliklarni to‘g‘ri baholagan holda yirik qaltisliklarni qayta sug‘urtaga qabul qilish, xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan qaltisliklarni ichki sug‘urta bozorida joylashtirib borish doimiy e’tiborda. Ular xorijiy mamlakatlarning tajribasini kuzatib, xodimlarning malakasini oshirish maqsadida chet el sug‘urta va qayta sug‘urta kompaniyalari tomonidan tashkil etiladigan seminar va o‘quv treninglarda muntazam ishtirok etishmoqda.