Qatar xalqaro olmos birjasini ishga tushirdi
Qatar poytaxti Dohada xalqaro olmos savdosini rivojlantirishga qaratilgan “Qatar Diamond Exchange” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ta’kidlanishicha, yangi savdo maydonchasi xomashyo va sayqallangan olmoslarni sotish, saqlash hamda sertifikatlash xizmatlarini bir joyda jamlaydi. Loyiha orqali mamlakatning jahon olmos bozoridagi mavqeini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.
Yangi tizim “Ras Bufontas” erkin iqtisodiy hududida tashkil etilgan. Bu yerda savdo operatsiyalari, bojxona rasmiylashtiruvi, xavfsiz saqlash omborlari va baholash xizmatlari yagona tartib asosida yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, sohaga ixtisoslashgan sug‘urta xizmatlari ham taklif etiladi. Bu esa xalqaro kompaniyalar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratadi.
Birja “Kimberley Process” xalqaro sertifikatlash tizimi talablari asosida ishlaydi. Yangi birjaga olmos savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar, ishlab chiqaruvchilar, qayta ishlovchilar va sohaga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar a’zo bo‘lishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA