Qatar. Rekordlar va aksil rekordlar...
23 noyabr kuni “JCH-2022” musobaqasida kutilmagan hodisalaretarli bo‘ldi.
Ispaniya Kosta-Rika ustidan 7:0 hisobida g‘alabaga erishdi. Turli rekordlar yangilanishiga sabab bo‘lgan bu matchda hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtni hisoblamaganda, ispaniyaliklar bir-birlariga ming martadan oshiq to‘p uzatgani qayd etildi. Ahamiyatlisi, bu uzatmalardan 976 tasi aniq.
Jahon chempionati tarixida yangi rekord - Ispaniya futbolchilari o‘yinning 81,8 foiz vaqti mobaynida to‘pni o‘zlarida saqlab qola bildilar. Bundan avval “JCH-2010”da argentinaliklar Yunoniston bilan bahsda to‘pga 80,3 foiz xokimlik qilgani hisoblangandi.
Yevropaliklar o‘yin tizginini shu darajada nazorat qilishdiki, Kosta-Rika jamoasi a’zolari bir marta ham raqib darvozasiga zarba bera olmadilar.
Ispaniya yarim himoyachisi Gavi 18 yoshida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgani ham mundial yangiliklaridan biridir. Ustiga-ustak kosta-rikaliklar darvozasiga beshinchi golni aynan “Barselona” vakili urdi. Bu afsonaviy Pele zamonidan keyin eng yosh futbolchi tomonidan urilgan ikkinchi gol. “Qirol” 1958 yildagi final o‘yinida Shvetsiya darvozasiga ikki to‘p kiritganda hali 17 yosh edi.
Eng yosh gol muallifi ko‘rsatkichida uchinchi o‘rinni meksikalik Manuel Rosas egallagan. 1930 yilgi chempionatda bu 18 yoshli iqtidor egasi Argentina darvozasini ishg‘ol etgani tarixda muhrlangan.
Germaniya jamoasi ham aksil rekord qayd etdi. Yaponiyaga 2:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan bu jamoa Rossiyada o‘tgan avvalgi chempionatda Meksika va Janubiy Koreyaga yutkazib, Shvetsiyani yutgan edi. Shu tariqa Germaniya mundialning oxirgi to‘rt matchida bor-yo‘g‘i bir g‘alabaga erishdi.

“Mashina” jahon chempionatlari hal qiluvchi bosqichida ikkinchi bor o‘yinning birinchi taymida yuta turib, oxirida boy berdi. 1978 yil nemislar Avstriyaga 2:3 hisobi bilan yutqazgan, o‘shanda ham birinchi golni o‘zlari urgan. 44 yillik natija kecha yana takrorlandi. 33-daqiqada Yevropaning mazkur grand jamoasi raqib darvozasini ishg‘ol etib, keyin sakkiz daqiqa ichida Yaponiyadan ikki gol o‘tkazib yubordi...
Yusuf Mukoko Germaniyaning eng yosh hujumchisi hisoblanadi. Uch kun avval jamoadoshlari uni 18 yoshi bilan qutlashgan edi.
17 yoshli nigeriyalik Femi Opabunmi bundan 20 yil muqaddam – 2002 yil 12 iyunda Angliyaga qarshi o‘ynagan. Shundan buyon 18 yoshga to‘lmagan futbolchilar mundialda maydonga tushmagan edi.
Ko‘pchilik e’tibor qaratgan alomat faktlardan yana biri Germaniya jamoasi futbolchilari Yaponiya bilan o‘yin oldidan suratga tushish chog‘ida og‘izlarini yopib turdilar...
Abror XON,
O‘zA