Qatar Bahraynni dengiz chegarasini buzishda aybladi
Qatar Tashqi ishlar vazirligi Bahrayn harbiylari kateri noqonuniy tarzda mamlakat suvli hududiga kirib kelgani to‘g‘risida bayonot berdi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hodisa noyabr oyi oxirlarida yuz bergan ekan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar tarqatgan.
Doxa BMT Bosh kotibi va Xavfsizlik kengashini chegara buzilishi bilan bog‘liq mazkur voqea 2020 yil 25 noyabrda qayd etilganidan xabardor qilgan.
"Bahrayn harbiy katerining Qatar suvli hududiga noqonuniy bostirib kirishi… Qatar davlati suverenitetiga daxl qilishdir. Bu harakat mintaqaviy osoyishtalikka, mamlakat xavfsizligiga tahdid hisoblanadi", – deyiladi TIV xabarida.
Qatar, shuningdek, BMTga yozgan murojaatnomasida tashkilotni zarur choralar ko‘rish va "Bahrayn tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan qoida buzarlikka chek qo‘yish"ga chaqirgan.
Avvalroq Qatar Bahraynni 9 dekabr kuni mamlakat havo chegaralarini buzganlikda ham ayblab chiqqandi. Doxa mas’ullari Bahrayn qiruvchi samolyotlari Qatar havo kengliklariga bostirib kirganini bildirgan. Darvoqe, o‘shanda idora vakillari bunday voqea birinchi marta yuz bermayotganini ham ta’kidlagan.
O‘z navbatida, Bahraynning BMTdagi doimiy vakili Jamol Ruveyi Bosh kotib va tashkilotning Afrika bo‘yicha doimiy vakiliga rasmiy maktub yozib, Qatar tomonidan bildirilgan ayblovlarni rad etgan.
Yodingizda bo‘lsa, bundan uch yarim yilcha oldin Saudiya Arabistoni, Bahrayn, BAA va Misr Doxa bilan munosabatlarni uzish to‘g‘risida bayonot e’lon qilganidan so‘ng Qatar bilan bog‘liq gap-so‘zlar ko‘payib, vaziyat taranglashgan edi. Shu bilan birga Qatar va Bahrayn munosabatlarining keskinlashuvi tomonlarning 6 ta arab davlati Fors ko‘rfazi hududida yuzaga chiqqan nizoli vaziyatni bartaraf etishga intilayotganiga nisbatan bir-biriga zid bayonot bergan bir davrga to‘g‘ri keldi.
Taxmin qilinishicha, ayni masala bo‘yicha 2021 yil 5 yanvarda Ar-Riyodda o‘tkazilishi mo‘ljallangan arab monarxiyalari yetakchilari sammitida murosaga kelinishi mumkin.
O‘zA