Qashqadaryolik 14 nafar tadbirkor o‘z hisobidan ikki yilda maktab va mahallalarda 60 milliard so‘mlik sport inshootlari qurib berdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Hozirda olimpiya sport turlari bo‘yicha 26 ta federatsiyaning har biriga vazirlar va respublika tashkilotlari rahbarlari boshchilik qilmoqda. O‘tgan yili viloyat hokimlari joylarda olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha Prezident vakili etib belgilandi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, soha mutasaddilari, hokimlar, 26 ta federatsiya rahbari 207 ta oliygoh, 15 ta olimpiya va paralimpiya markazi, 310 ta sport maktabi, 16 ta sport internatiga borib, rahbarlari va jamoasiga chempion tayyorlash, olimpiadaga litsenziya olish bo‘yicha sharoit qilib berganida hozirgi yutuqlar yanada yuqori bo‘lishi mumkin edi.
Masalan, Zarbdor tumanida o‘tgan yili 23 ta mahalladagi 34 ming yosh ommaviy sportga jalb etildi. Tumanda 3 ta yangi sport zali qurilib, stol tennisi, taekvondo va voleybolga ixtisoslashdi. Bundan tashqari, tadbirkorlar bilan birgalikda 2 ta usti yopiq futbol maydoni, fitness klubi tashkil qilindi.
Infratuzilma yaxshilangani uchun Zarbdor tumani ilk bor voleybol va stol tennisi bo‘yicha joriy yilgi O‘zbekiston chempionatiga mezbonlik qiladi.
Yoki qashqadaryolik 14 nafar tadbirkor o‘z hisobidan ikki yilda maktab va mahallalarda 60 milliard so‘mlik sport inshootlari qurib berdi.
Qolgan tumanlarda aholini ommaviy sportga jalb qilish ishlari sustligi, hokimlarning musobaqalar o‘tkazish va umuman sportga befarqligi tanqid qilindi. Zarbdor tajribasini o‘rganish va barcha hududlarda joriy qilish topshirildi.
O‘zA