Qashqadaryoda yosh kitobxonlar bellashdi
Davlatimiz rahbarining besh muhim tashabbusi doirasida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va targ‘ib qilish maqsadida 2017 yildan buyon “Yosh kitobxon” tanlovi an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda.
Bu tanlov yoshlarni mutolaaga qiziqtirish, ularning tafakkurini boyitish, adabiyotga mehr uyg‘otish va ularga milliy hamda jahon adabiyotining eng sara durdonalarini yetkazish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Tanlovning Qashqadaryo viloyat bosqichi ham qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Unda tanlovning quyi bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar uch yosh toifasi bo‘yicha ikkita shart – badiiy asarlar bilimdoni va tezkor savol-javob asosida sinovdan o‘tkazildi.
Tanlov ishtirokchilari faqatgina o‘qigan kitoblarini bilish bilan emas, balki ulardagi asosiy g‘oyalar, qahramonlar xarakteri, asar mazmuni hamda fikr-mulohazalari bilan ham baholandi.
[gallery-21726]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 10-14 yosh toifasida kosonlik Azizjon To‘lqinov g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 15-19 yosh toifasida qarshilik Maftuna Temirova hamda 20-30 yosh toifasida Mavluda Sa’dullayevaga teng keladigani topilmadi. Ular tanlovning Respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda tanlovga 65 ming nafarga yaqin yosh 5tashabbus.uz platformasi orqali ariza topshirib, ishtirok etish istagini bildirgan. Ular yosh toifalariga ajratilib, maxsus belgilangan adabiyotlarni o‘qib chiqishlari lozim edi.
Jumladan, 10-14 yoshdagi ishtirokchilar – 40 ta asar (milliy va jahon adabiyoti), 15-19 va 20-30 yoshdagi ishtirokchilar – 50 tadan asar o‘qishi belgilangan edi.
Mazkur kitoblar tarkibida o‘zbek va jahon adabiyoti klassikasi, ilmiy-ommabop asarlar hamda badiiy durdonalar bor bo‘lib, ularning barchasi Vatan, oila, do‘stlik, shuningdek, komil inson tarbiyasi mavzulariga bag‘ishlangan.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan mazkur loyiha yoshlarning bilimga chanqoqligini oshirish, ularga o‘qish madaniyatini singdirish hamda komil inson bo‘lib shakllanishi uchun muhim imkoniyat yaratmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, hozirgacha tanlovda 300 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etgan bo‘lib, ikkita qashqadaryolik yosh kitobxon Prezident sovg‘asi – avtomashina bilan taqdirlangan.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari