Qashqadaryoda “Turon” maktab teatri respublika tanlovi g‘oliblari aniqlandi
O‘quvchi yoshlarning san’at yo‘nalishidagi qobiliyatlarini namoyon qilishiga imkon beradigan, an’anaviy ravishda maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “Turon” maktab teatri respublika tanlovining Qashqadaryo viloyat bosqichi ham ko‘plab iste’dod egalarini kashf etdi, deyish mumkin.
Qarshi shahridagi viloyat musiqali drama teatrida tashkil etilgan tanlovda tuman bosqichlarida yuqori natija qayd etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan viloyatning 16 ta tumanidan jami 16 ta jamoa “Turon” maktab teatri respublika tanlovining viloyat bosqichida ishtirok etdi.
– “Turon” maktab teatri tanlovining Qashqadaryo viloyat hududiy bosqichida 16 ta shahar tumanlarimizdan jami 120 nafarga yaqin o‘quvchilarimiz ishtirok etdi, – deydi Qashqadaryo viloyat “Kelajak markazi” direktori Gulruh Xolmurodova. – Bilamizki, teatr san’ati inson qalbining eng nozik nuqtalariga yetib boruvchi san’at turlaridan biri hisoblanadi va unda xalqimizning qadriyatlari, urf-odatlari va yashash tarzi o‘z aksini topadi. Hozirda Qashqadaryo viloyatining eng iste’dodli, bilimli o‘quvchilari ushbu san’at orqali o‘z iqtidorlarini sahnada namoyon etmoqda. Bugungi kunda o‘quvchilarimiz nafaqat davrning dolzarb mavzularini ko‘tarib chiqmoqda, shu bilan bir qatorda ular o‘tmishga nazar solib ota-bobolarimiz yashab o‘tgan hayot tarzini namoyish etmoqda.
Tanlov yuqori saviyada tashkil etilib, unda ishtirok etgan jamoalar sahnada o‘z iqtidor va mahoratlarini namoyon etdi. Har bir chiqishda yoshlarning ijodkorligi, sahna madaniyati hamda aktyorlik qobiliyatlari yaqqol ko‘zga tashlandi.
[gallery-28662]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin Qarshi tumanidagi 71-maktab jamoasiga nasib o‘tdi. Kasbi tumani 16-maktab jamoasi 2-o‘rin, Qarshi shahar 5-maktab jamoasi esa 3-o‘ringa munosib ko‘rildi.
– Sahnaga chiqish navbati birinchi bizga berilgani uchun ozgina hayajon bo‘ldi, natijalarimiz yaxshi bo‘ldi, – deydi g‘olib jamoa sardori Shahrizoda Do‘stmurodova. – Chiqishlarimizda bugungi telefon va virtual dunyoga mukkasidan ketgan, ammo bilim borasida katta yuqotishlarga uchrayotganini bilmayotgan yoshlar hayotini, shuningdek kitobga mehr qo‘ygan, dunyoviy bilimlarni egallashga intilayotgan yoshlar obrazlarini bir-biriga qiyoslashga harakat qilganmiz. Endigi maqsadimiz tanlovning respublika bosqichida ham munosib ishtirok etib. G‘oliblar safida bo‘lish va Germaniya safariga borish.
Tanlov yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari.