Qashqadaryoda shirkatlar tugatilyapti
Qashqadaryo viloyatida mavjud 1 ming 903 ko‘p kvartirali uy 161 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga biriktirilgan bo‘lib, ushbu uylardagi umumiy joylar, mavjud kommunikatsiya tizimlari va ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarning yaxshi holatda saqlanishini nazorat qilish hamda aholiga sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash shirkatlarning asosiy vazifasi etib belgilangan edi.
Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, afsuski, shirkatlar bildirilgan ushbu ishonchni oqlay olmadi. Natijada aholining majburiy badallardan qarzdorligi 3,5 milliard so‘mdan oshib ketgan. Zarur mablag‘larni o‘z vaqtida yig‘ilmasligi shirkatlar tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini yanada yomonlashishiga olib kelgan.
Prezidentimizning 2020 yil 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida qo‘p kvartirali uylar boshqaruv tizimini takomillashtirish, Toshkent shahrining Yunusobod tumani tajribasidan kelib chiqib, shirkatlar o‘rniga boshqaruv kompaniyalarini tashkil etish va sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini jalb etish bo‘yicha topshiriq berilgandi.
Qonunchilikka muvofiq, axoli roziligi bilan mavjud 694 ta ko‘p kvartirali uyga xizmat ko‘rsatayotgan 88 ta shirkat tugatilib, 10 ta boshqaruv servis kompaniyasini tashkil etish rejasi ishlab chiqilgandi. bugungi kunda ushbu rejani amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborilgan.