Qashqadaryoda akt bo‘yicha texnikum ochiladi
Bu haqda Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 maydagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Qarshi shahrida ham AKT texnikumi ochiladi.

Iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda, raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga hissa qo‘shadigan, zamonaviy talablarga javob beradigan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallagan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash ko‘zda tutilayotgan mazkur texnikumda ta’lim 2 yildan kam bo‘lmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Bugun Qashqadaryo viloyat hokimi Zoyir Mirzayev texnikum uchun tanlangan ob’ektni ko‘zdan kechirib, amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA