Qasamyod — sadoqat sinovi
Vatan ona kabi muqaddas, farzand kabi aziz. Uni ko‘z-qorachig‘idek asrash, himoya qilish esa har bir er-yigitning sharafli burchi. Bu burchni anglagan inson o‘z yurtiga sadoqati, mas’uliyati va fidoyiligini amalda namoyon etadi.
Jizzax shahri, shuningdek, viloyatning Zomin va Baxmal tumanlarida joylashgan DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlarda tashkil etilgan o‘quv punktlarida ana shunday yuksak tuyg‘ular bilan yo‘g‘rilgan tadbir bo‘lib o‘tdi. Dastlabki harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan yosh askarlar “Vatanga qasamyod” qabul qilib, yurt himoyasi yo‘lidagi mas’uliyatli yo‘lga qadam qo‘ydi.
Qo‘shni respublikalar bilan chegaradosh hududlar daxlsizligini ta’minlash arafasida turgan yosh askarlar qasamyod aytar ekan, ularning qalbidagi hayajon, nigohlaridagi qat’iyat va qadamlaridagi shiddat yaqqol sezildi. Bu shunchaki marosim emas, balki Vatan taqdiri uchun shaxsiy mas’uliyatni zimmaga olish, sadoqat sinovidan o‘tishdir.
[gallery-28880]
Tadbirlarda DXX Chegara qo‘shinlari mas’ul xodimlari, harbiy qism qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faxriylar, shuningdek, yosh askarlarning ota-onalari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar Yangi O‘zbekistonda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmat nufuzini oshirish va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarga alohida to‘xtaldi.
Tantanali marshdan so‘ng qasamyod qabul qilgan askarlarga DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining bayram tabrigi yetkazildi. Shuningdek, muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan qisqa vaqt ichida o‘zlashtirilgan jangovar tayyorgarlik elementlari namoyish etildi. Bu chiqishlar yosh askarlarning tayyorgarligi va intizomini namoyon qildi.
Ayniqsa, farzandlarining yurt oldidagi muqaddas burchini ado etishga kirishganini ko‘rgan ota-onalar qalbi faxr va iftixorga to‘ldi. Chunki Vatan himoyasiga bel bog‘lagan har bir yigit millatning ishonchi, ertangi kunning kafolatidir.
Tadbir yakunida madaniyat uyi san’atkorlari tomonidan vatan, mardlik va tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA