Qarzdorligi bor korxonalar aniqlandi
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, soliq qarzdorligining ortib borishiga yo‘l qo‘ymaslik, mahalliy byudjetlarga tushumlarni ko‘paytirish va aholi manfaatlarini himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bu borada Toshkent viloyati soliq boshqarmasi hamkor huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mas’ul xodimlari bilan birgalikda yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliqlardan qarzdorlikni undirish choralarini ko‘rmoqda.

Jumladan, Yuqori Chirchiq tumanida soliq qarziga ega korxonalarning mol-mulki hisobidan qarzdorlikni undirish yuzasidan tadbirlar o‘tkazildi.

Tumandagi “Euro global invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatning 14,6 milliard so‘m soliq qarzi hisobiga ularga tegishli noturar bino inshootlari xatlanib, muhrlandi.

Shuningdek, “Mega osiyo” mas’uliyati cheklangan jamiyatning 88,5 million so‘m soliq qarzi uchun “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi xatlanib, jarima maydoniga keltirildi.

Bu boradagi ishlar Parkent tumanida ham o‘tkazilmoqda.
A.Musayev,O‘zA.