Qarzdor otalar aliment pulini to‘lab berdi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining 2021 yil 19 iyuldagi qarzdor S.Boboqulovdan undiruvchi Z.Qarshiyeva foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi moddiy ta’minoti uchun har oydagi ish haqi va boshqa daromadlarining ¼ qismi miqdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Romitan tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Qarzdor S.Boboqulov 3 oydan ortiq vaqt davomida 2 million 220 ming 301 so‘m aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelganligi bois, davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasi bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudiga yuborildi.
Sud majlisida huquqbuzar S.Boboqulov huquqbuzarlik mohiyatini tushunib yetdi. Natijada Z.Qarshiyevaga 2 million 220 ming 301 so‘m aliment pullarini to‘liq to‘lab berdi. S.Boboqulov javobgarlikdan ozod qilindi.
– Buxoro shahar bo‘limida fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining 2016 yil 4 yanvardagi qarzdor H.Azamovdan M.Xodjayeva foydasiga uch nafar voyaga yetmagan farzandi moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida ijro hujjati yuzasidan farzandlari voyaga yetguniga qadar 34 million 240 ming so‘m aliment pullari undirib berildi, – deydi Byuroning Buxoro shahar bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Sobirov.
– Shuningdek, Kogon tumanida fuqarolik ishlari bo‘yicha Kogon tumanlararo sudining 2020 yil 17 maydagi qarzdor X.Ramazonovdan M.Ablayeva foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi moddiy ta’minoti uchun 7 million 115 ming so‘m aliment pullari to‘landi.
Zarif Komilov, O‘zA