Qarzdor Angren tog‘laridan topildi
Qonuniy nikohda bo‘la turib, 2021 yildan beri bir nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment to‘lash majburiyatidan qochib, bolasi ta’minotidan bo‘yin tovlab, oxir oqibat uzoqlarga berkinish chorasini o‘zi uchun yagona yechim deb bilgan shaxs ushlandi.
Qarzdor tog‘li hududlardagi dala hovlilardan birida yashab yurgani ma’lum bo‘ldi. Majburiy ijro byurosining Angren shahar bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudining 2011 yildagi sud ijro varaqasiga asosan qarzdor N.K.dan undiruvchi O.K. foydasiga bir nafar farzandi ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati mavjud.

Shu bo‘yicha mazkur bo‘lim davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari natijasida qarzdor aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagan va majburiyatdan qochib yurgani ma’lum bo‘ldi. Byuro xodimlari tomonidan qo‘yilgan qat’iy talablarga qaramay qarzdor uch yil davomida muayyan yashash joyidan qochib, berkinib yurgan. Shu sabab, unga nisbatan qonunning tegishli moddasiga asosan qidiruv e’lon qilingandi.
Byuroning Toshkent viloyati boshqarmasi qidiruv guruhi xodimlari tomonidan olib borilgan qidiruv tadbirlari davomida joriy yilning 19-noyabr kuni qarzdor Angrendagi dala hovlilardan birida topilgan. Bu vaqt ichida qarzdor N.K. boshqa ayol bilan shar’iy nikoh asosida turmush qurib, farzandli bo‘lishga ham ulgurgani ochiqlandi. Bu yosh oilaning yashashini ko‘rib, MIB ijrochilari ishni shunday yopib ketishmadi. Qonunan birinchi va sobiq turmush o‘rtog‘idan bo‘lgan xotinidan 1 nafar farzandi uchun aliment masalasi qonuniy yechim topishi lozim edi.
Ma’lumot uchun aytish lozimki, qidiruvdagi qarzdorning alimentdan bo‘lgan qarzdorligi 2021-2024 yil noyabr oyiga qadar jami 63 million 301 ming 797 so‘mni tashkil qilgan. Unga nisbatan qonun talablari asosida tegishli hujjatlar to‘planib, ish hujjatlari Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudiga yuborilgan va sudning qarori asosida qarzdorga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
A.Musayev, O‘zA