Qarz evaziga mulk musodara qilinadi
Majburiy ijro harakatlari boshlanishiga qadar nizoli masala sud yoki boshqa organlarda bir necha bor muhokama qilinib, taraflarning holatga doir fikrlari asosida qonuniy to‘xtamga kelingan bo‘lsada, amaliyotda ijro hujjatlari ijrosini ta’minlashga to‘sqinlik qilish yoki bo‘yin tovlash holatlari hamon uchrab turibdi.
“Buxoro Mega Trans” MCHJga “Biznesni rivojlantirish banki” Buxoro viloyati hududiy filiali tomonidan katta miqdordagi kredit mablag‘lari ajratilgan. Biroq, olingan kreditlar MCHJ tomonidan o‘z vaqtida qaytarilmagach, bank sudga da’vo kiritgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Romitan tumanlararo sudining 2024 yil 30 iyuldagi ajrimiga asosan undiruvchi “Biznesni rivojlantirish banki” ATB foydasiga qarzdor “Buxoro Mega Trans” MCHJdan 243.211 AQSH dollar asosiy kredit qarzdorlik va 2,917 AQSH dollar foiz qarzi undirish hamda undiruvni garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulk va avtotransport vositalariga qaratish haqidagi ijro hujjati Byuroning Romitan tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdorga ijro hujjati mazmun mohiyati tushuntirilib, ijro hujjati ijrosini ta’minlash uchun ixtiyoriy muddat berilgan. Biroq, qarzdor MCHJ kredit qarzdorligini bartaraf etish o‘rniga, ijro hujjatini ijrosini ta’minlashdan bo‘yin tovlab kelgan.
Ijro harakatlari davomida kredit ajratishda garovga qo‘yilgan 12 turdagi avtotransport vositalariga qidiruv e’lon qilingan.
Byuroning qidiruv xodimlari tomonidan amalga oshirilgan qidiruv harakatlari davomida garov mulki hisoblangan “HUNDAY” ELANTRA rusumli avtotransport vositasi Buxoro shahrida topilib, tegishli tartibda jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Hozirda, qolgan avtotransport vositalarini topish borasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.