Qarshi shahridagi yirik loyihalar
Qarshi shahri hokimligi tomonidan shaharda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va yangi tashkil etilgan tadbirkorlik ob’ektlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida jurnalist va blogerlar uchun press tur tashkil etildi.
Tadbir davomida jurnalist va blogerlar joriy yilda ishga tushirilgan bir qator yangi loyihalar va tadbirkorlik ob’ektlari bilan tanishtirildi.
Xususan, ishtirokchilar Qarshi shahrida barcha sharoitlarga ega zamonaviy “Oqsaroy” mehmonxonasida bo‘lishdi. Loyihaning umumiy qiymati 9 milliard so‘mga yaqin bo‘lib, tadbirkor Otabek Mo‘minov tomonidan o‘z mablag‘i evaziga qurilgan. Mehmonxona 70 o‘ringa mo‘ljallangan va uning tarkibida shinam konferensiya zali, restoran, sauna, basseyn mavjud. Mehmonxona ishga tushishi natijasida 20 ta ish o‘rni yaratilgan.
[gallery-9429]
Keyingi manzil Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Qarshi shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati bo‘ldi. Prezidentimizning joriy yil 14 apreldagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida” gi farmoniga asosan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida Qarshi shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etilgan. Sobiq Qarshi transport kolleji binosi yangi tashkil etilgan maktab-internati uchun ajratilib, qayta rekonstruksiya qilindi. Mavjud sport zali, 120 o‘rinli yotoqxona binolari yangidan ta’mirlandi. Shuningdek, 250 o‘rinli shinam oshxona binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Matematika, fizika va ingliz tillariga ixtisoslashtirilgan mazkur maktab-internatiga 2022/2023-o‘quv yili uchun 384 nafar bilimli va iqtidorli yoshlar imtihon asosida o‘qishga qabul qilindi. Bundan tashqari mazkur ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga ishga qabul qilingan 35 nafar malakali pedagog-kadrlar ham tanlov asosida saralab olindi.
Shundan so‘ng Qarshi shahridagi Qavali kichik sanoat zonasiga borildi. U yerdagi viloyatda birinchi sendvich panellar ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishildi. Umumiy qiymati qariyb 9,2 milliard so‘mni tashkil etgan mazkur loyiha 300 ming kvadrat metr sendvich panellar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxonada 30 ta ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarishni hajmi ortishi evaziga kelgusida ish o‘rinlari 85 taga yetishi mo‘ljallanmoqda. Korxonada bugungi kunda qurilish uchun har xil o‘lchamdagi profnastil va sendvich panellar ishlab chiqarilmoqda.
Shu yerning o‘zida yana loyiha “O‘zbekinjiniring” MCHJga qarashli ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham tanishildi. Umumiy loyiha qiymati 170 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu korxonada Germaniya texnologiyasi asosida hamda “Promo Masters” brendi ostida mebel jihozlari, zamonaviy akfa derazalar va MDF eshiklar ishlab chiqarilmoqda. Loyihaning to‘liq ishga tushishi natijasida bu yerda 62 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Keyingi manzil Buyuk Turon kichik sanoat zonasida tashkil etilgan “ALP TEXNO SERVIS” xususiy korxonasi bo‘ldi. Bu yerda “S-Smart” brendi ostida turli o‘lchamdagi zamonaviy televizorlar ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilgan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 22,1 milliard so‘mni tashkil etadi. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 93 ming 600 dona bo‘lib, bugungi kunda bu yerda 48 nafar yosh yigit-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan. Korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat respublikamiz ichki bozorlariga yetkazib beriladi balki, qo‘shni xorijiy davlatlarga Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjonga ham eksport qilinmoqda. Korxona kelgusida ishlab chiqarish tarmog‘ini kengaytirishni rejalashtirgan.
Shuningdek press-tur doirasida Qarshi shahar hokimi Normo‘min Xolboyev ishtirokida Qarshi shahrida “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida va shaharda ichimlik suv ta’minotini yaxshilash va ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha qilingan ishlar hamda kelgusidagi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani ham bo‘lib o‘tdi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.