Qaror va ijro: traktorchi-mashinist kurslari
Navoiy viloyatida traktorchi-mashinist mutaxassisini tayyorlaydigan 5 ta davlat va 3 ta nodavlat ta’lim muassasasi mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi qarori bilan “Traktorchi-mashinistlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, ta’lim muassasalarini hisobga olish, imtihonlarga kirish va uni o‘tkazish hamda qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini boshqarish huquqini beruvchi traktorchi-mashinist guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risida” gi Nizom tasdiqlangan. Unga ko‘ra, davlat yoki nodavlat ta’lim muassasalari traktorchi-mashinistlarni tayyorlash yoki qayta tayyorlash bo‘yicha o‘z faoliyatini boshlagunga qadar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining hududlardagi bo‘limlariga belgilangan tartibda murojaat qilishi, inspeksiyaning tuman (shahar) bo‘limlarining buyruqlariga asosan tuzilgan tekshiruv komissiyasi tomonidan traktorchi-mashinistlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi ta’lim muassasasining moddiy-texnika va o‘quv-metodik bazasi ko‘rikdan o‘tkazilishi va boshqa qator vazifalar belgilab berilgan.

Inspeksiya viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari avtomaktablarda bo‘lib, ularning moddiy-texnik bazasi, amaliy mashg‘ulotlar uchun texnika vositalarining mavjudligi, shuningdek, murabbiylarning bilim darajasi, salohiyati talabga javob berishi yuzasidan o‘rganishlar olib bormoqda.
– O‘quv muassasasi bir qator talablarga javob berishi, xususan, kamida 48 kvadrat metr maydonga ega bo‘lgan o‘quv xonalari mavjud bo‘lishi kerak, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Behzod Bozorov. – Shuningdek, traktorchi-mashinistlikka nomzodlarga amaliy boshqarishni o‘rgatish uchun belgilangan talablarga muvofiq jihozlangan maydon, dala maydonchasi, texnika yoki undan foydalanish to‘g‘risida shartnoma, ta’lim muassasasining ish rejasiga kiritilgan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari hamda o‘ziyurar mashinalarni boshqarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni to‘liq o‘tkazish uchun yoqilg‘i-moylash materiallari ham to‘liq bo‘lishi zarur.
Shu bilan birga muhandis-pedagoglar, instruktorlar hamda ishlab chiqarish ustalarining ma’lumoti va bilim darajasi talabga javob berishi lozim. Bundan tashqari, traktorchi-mashinistlarni tayyorlash va qayta tayyorlash guruhlarida nomzodlar soni 25 kishidan oshmasligi kerak. “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari Qiziltepa, Xatirchi, Karmana, Navbahor, Konimex tumanlaridagi mavjud ta’lim muassasalarida bo‘lib, targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

– Traktorchi-mashinist guvohnomasini oladigan o‘quvchi o‘quv kursining belgilangan barcha nazariy va amaliy dars soatlarida to‘liq ishtirok etgan bo‘lishi kerak, – deydi “O‘zagroinspeksiya” ning Navbahor tumani bo‘limi katta inspektori Umar Qurbonov. – Kurs yakunida imtihonlarning shaffof va halol o‘tishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kursni tamomlagan o‘quvchiga traktorchi-mashinist guvohnomasi beriladi. Bu jarayonlar Inspeksiya tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan nazorat qilib boriladi.
Albatta, avtomaktablarda mazkur qoidalarga amal qilish nafaqat bilimli va salohiyatli traktorchi-mashinist mutaxassislarni yetishtirish, shu bilan birga yo‘l harakatida ishtirok etadigan qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan sodir bo‘ladigan ko‘ngilsiz holatlarning oldini olishga ham xizmat qiladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA