Qardoshligimizning yana bir e’tirofi
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Qozog‘iston Respublikasining ikkinchi darajali «Dostiq» («Do‘stlik») ordeni bilan taqdirlandi.
Mukofotni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev nomidan ushbu mamlakatning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov topshirdi.
Aytish kerakki, keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida olib borilayotgan uzoqni ko‘zlovchi, samimiylik va o‘zaro ishonchga asoslangan tashqi siyosat yaqin xorijiy mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda.
Mamlakatimizda Qozog‘iston Respublikasi bilan madaniy-ma’rifiy munosabatlar ham yangicha taraqqiyot bosqichiga chiqdi. Qardosh yurtda «O‘zbekiston Respublikasi madaniyati kunlari», diyorimizda esa «Qozog‘iston Respublikasi madaniyati kunlari» muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.
Qardosh yurtning ijodkorlari yurtimizdagi badiiy ko‘rgazmalar, festivallar, madaniy tadbirlarda, xalqaro forumlarda faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning qardosh yurtning «Dostiq» ordeni bilan taqdirlanishi ikki xalq o‘rtasidagi hamjihatlik aloqalarning o‘ziga xos ifodasidir.
N.Usmonova, O‘zA