Qanday hollarda daraxtlarni kesish mumkin?
Davlat ekologiya qo‘mitasining davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar to‘g‘risida taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriyning amal qilish muddati 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirib qo‘yilgan.
Moratoriy davrida 5 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarning qimmatbaho navli davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan qariyb 166 ming tup daraxt va butalarni kesishga ruxsat so‘rab qilgan murojaatlari rad etilib, ularning kesilishi oldi olingan.
Daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish bilan bog‘liq xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasidagi javobgarlik kuchaytirib qo‘yilgan bo‘lishiga qaramasdan, ayrim xududlarda daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.
So‘nggi vaqtlarda daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq holatlar keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalarining e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda. Jumladan, 2021 yil o‘tgan davri mobaynida elektron ommaviy axborot vositalarida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar kesilishiga doir 41 ta material e’lon qilingan.
Xususan, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani, Yunus Rajabiy mahallasidagi ko‘p qavatli uylar oralig‘ida 81 tup daraxtlar noqonuniy kesilganligi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lumot berilgan edi. Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan ma’lum qilinishicha, ushbu holat bo‘yicha hujjatlar to‘planib, prokuratura organlariga yuborildi.
Deputat Rasul Kusherbayev ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z sahifasida xuquqbuzar “BULDING AND SUPLIES” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yetkazilgan moddiy zarar jami 1 891 263 000 so‘m mablag‘ davlat Ekologiya qo‘mitasi hisob raqamiga o‘tkazilmaganligi yuzasidan post qoldirgan edi. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, ayni damda ushbu mablag‘ O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hisob raqamiga o‘tkazib berildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, daraxtlar va butalarni kesish faqat sanitariya maqsadida – daraxtlar va butalar tabiiy omillar yoki o‘simliklar zararkunandalari va kasalliklari ta’sirida zararlangan, quriyotgan yoki qurib qolgan hamda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga tahdid solayotgan, shoxlari betartib o‘sishi natijasida qo‘shilib ketgan yoki singan, shuningdek avariya holatida bo‘lgan hollarda Davlat ekologiya qo‘mitasi organlarining xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Binolar, inshootlar va kommunikatsiyalarni qurish va rekonstruksiya qilishga, shuningdek muhandislik tadqiqot ishlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilganda Davlat ekologiya qo‘mitasi va mahalliy davlat hokimiyati organlari kesilishi ko‘rsatilgan daraxtlar va butalarni boshqa joyga ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqadi. Buning imkoni bo‘lmasa, hokimiyat tomonidan kesish uchun tegishli ruxsatnoma rasmiylashtiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA