Qanday holatlarda nikohga muddatsiz ruxsat beriladi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar.
“O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi nikoh qayd etishni takomillashtirish, korrupsiyaning oldini olish, nikohlanuvchilarga qulayliklar yaratish, huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ma’lumki, Oila kodeksida nikohlanuvchilar FHDYOga ariza berganidan bir oy o‘tganidan so‘ng nikohni rasmiylashtirish belgilangan. Buning uchun ular majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Ammo hozirda belgilangan muddat o‘tmasdan nikohlanish holatlari ko‘paymoqda. Masalan, 2021 yilda qayd etilgan 305 mingta nikohning 50 mingga yaqini bir oy o‘tmasdan qayd etilgan.
To‘g‘ri, alohida holatlarda nikohga ruxsat berilishi mumkin. Jumladan, o‘tgan yili 22 mingdan ortiq holatda homiladorlik, 14 mingdan ortiq holatda bola tug‘ilgani hamda 12 mingdan ortiq holatda kasallik va xizmat safarlari sabab belgilangan bir oy muddat qisqartirilgan. Biroq keyingi paytlarda bu muddatni soxta hujjatlar bilan qisqartirish holatlari ko‘paymoqda va bu korrupsiyaga sabab bo‘lyapti. O‘tgan yili soxta hujjatlar bilan ish ko‘rgan FHDYO organlari rahbarlarining 60 nafardan ortig‘i intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, hatto bir oy muddatni kutishni xohlamagan ayrim nikohlanuvchilar sha’riy nikohdan o‘tib, farzandi tug‘ilganidan keyingina FHDYOga murojaat qilmoqda. Oqibatda bu bolaga otalik belgilash holatlarining ortishiga sabab bo‘layotir. 2020 yilda 49 mingdan ortiq shunday holat kuzatigan bo‘lsa, o‘tgan yili bu raqam 56 mingtani tashkil qildi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, ushbu qonun loyihasi bilan bir oylik muddat bekor qilinmoqda. Ya’ni, nikohlanuvchilar tibbiy ko‘rikdan so‘ng istalgan kunda nikohdan o‘tishi mumkinligi belgilanmoqda. Faqat nikohlanuvchi shaxslar 50 yoshdan oshgan bo‘lsa, shuningdek, ayol homilador yoki bola tug‘ilgan bo‘lsa, tibbiy ko‘rikdan o‘tish ixtiyoriy hisoblanadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA