Qalblarni zabt etgan shoir
Bugun O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi tavallud topgan kun munosabati bilan xotira tadbiri uyushtirildi. Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, adabiyotshunos olimlar, shoir she’riyatining ixlosmandlari ishtirokida Rauf Parfi qabri ziyorat qilindi. Quron tilovat qilindi. Shoir yod etildi. Ijodidan namunalar o‘qildi.
Yozuvchilar uyushmasida o‘tkazilgan xotira tadbirini O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi raisi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev ochib berdi. Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, taniqli hofiz Dadaxon Hasan, adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldosh va boshqalar Rauf Parfi hayot yo‘li, ijodi haqida gapirdi.

– Ayrim sabablarga ko‘ra, Rauf Parfi tavalludi munosabati bilan tadbirlar o‘tkazilmadi, – deydi Sharof Ubaydullayev. – Ammo shoir she’riyatining ixlosmandlari kamaygani yo‘q. Bu yil shoir tavalludining 78 yilligi. Shoirning umri ta’qibda o‘tdi. Uning birorta aybi yo‘q edi. Shoir she’riyati xalqni uyg‘oqlikka chorlagan, millatni ulug‘lagan, xolos. Kamtar edi, birovga bo‘yin egmasdi. Adolatsizlikka chiday olmaydigan haqiqattalab edi. Turk she’riyatining buyuk shoiri Rauf Parfining 50-60-70 yilligi nishonlanmadi. Jamg‘arma va Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda 80 yilligini ko‘tarinki ruhda o‘tkazmoqchimiz. Xalqaro anjumanlar, to‘plamlarini ko‘p tillarda chop etishni rejalashtirganmiz.
Adabiy kechada Rauf Parfining oila a’zolari hali matbuotda e’lon qilinmagan xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir ishtirokchilariga «Nuroniy» gazetasining Rauf Parfi ijodiga bag‘ishlangan maxsus soni tarqatildi.
Ma’lumot uchun, Rauf Parfi 1943 yil 27 sentyabrda Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanidagi Sho‘ralisoy qishlog‘ida tug‘ilgan. Ota-onasi Parfi Muhammad Amin va Sakina Isabek qizi mustabid tuzum davrida ona yurti Farg‘onaning Vodil hududidan quvg‘in qilingan edi.
Uning «Karvon yo‘li» nomli birinchi kitobi 1968 yilda nashr etildi. Shundan so‘ng «Aks sado», «Tasvir», «Xotirot» , «Ko‘zlar», «Qaytish» , «Sabr daraxti», «Sukunat» , «Tavba» kabi she’riy majmualari e’lon qilindi. Vafotidan so‘ng «Sakina», «Turkiston yodi» singari saylanmalari bosilib chiqdi.
Rauf Parfi she’riyatining asosiy mavzulari – bu shaxs erki, Vatan mustaqilligi va Turkiston, Turk dunyosining birligidir. Bu she’riyat – XX asr shaxs shuurini, keskin fojialar dramatizmini ifodalashga jazm etgan jasoratli she’riyatdir.
Rauf Parfining «Vatan haqida Bernd Ietshga maktubim», «Tangri sog‘inchi», «Sunbula», «Qora devor», «Abdurauf Fitrat», Vetnam urushi haqidagi she’rlarimi, tanka, xokku ‒ uchliklarimi, ularning barchasida adolatsizlikka, haqsizlikka nisbatan nafrat, g‘azab tuyg‘ulari limmo-limdir.

Rauf Parfi K. Kaladzening «Dengiz xayoli» , Bayronning «Manfred» , A. Salamatning «Oltin bolta», I. Noneshvilining «Shiddat» , A. Dyumaning «Uch sarboz» , N. Hikmatning «Inson manzaralari» , A. Tvardovskiyning «Zaytun novdasi» , «Xotira huquqi» , «Uyg‘ur shoirlari» , «Ozod inson qo‘shig‘i», U. Saroyanning «Hoy, kim bor?» asarlarini hamda B. Brext, P. Neruda, G. Emin, O. Vatsiyetis kabi qardosh va jahon adabiyoti namoyandalari ijodidan namunalarni tarjima qilgan.
Rauf Parfiga «Sabr daraxti» to‘plami uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Hamid Olimjon nomidagi yillik mukofoti berilgan. U 1992 yilda Xalqaro Mahmud Qoshg‘ariy mukofoti bilan taqdirlandi. Turkiyada o‘tkaziladigan turkiy zabon shoirlar tanlovida g‘olib bo‘lgan.
Rauf Parfi she’riyatimiz rivojiga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston xalq shoiri unvoni bilan taqdirlangan. Adabiyotshunos olim Ulug‘bek Hamdam Rauf Parfi klubi a’zolari nomidan mamlakatimiz rahbari nomiga yozilgan rahmatnomani o‘qib eshittirdi.
D.Mamatova, O‘zA