Qahramonlar nomi hech qachon unutilmaydi
O‘zbekiston Respublikasi DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli Buloqboshi tumanidagi harbiy qism askar va zobitlari Bobur shahridagi “Vatanparvar bog‘i”da bo‘ldi.
Harbiy qism rahbariyati tashabbusi bilan yurt himoyachilarining harbiy kasb va burchiga bo‘lgan sadoqatini yanada mustahkamlash, ularning qalbida vatanparvarlik, fidoyilik, sohaning shonli an’analariga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan tadbir hayajonli lahzalarga boy bo‘ldi.

Yurtdoshlarimiz, yoshlar qalbida Vatan himoyasiga daxldorlik, muqaddas zaminga muhabbat, vatanni ulug‘lash, uning qadim o‘tmishi va buyuk kelajagidan faxrlanish, yurt himoyasi yo‘lida qurbon bo‘lganlarni e’zozlash, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini ko‘rsatish maqsadida barpo etilgan Bobur shahridagi “Vatanparvar bog‘i” shu kunlarda Andijonning eng gavjum maskanlaridan biriga aylangan.
Dastlab harbiylar tomonidan bog‘dagi “Vatanga qasamyod” monumenti poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Vatan ozodligi, tinchligi va himoyasi yo‘lida jon fido qilgan marhumlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi.
Shundan so‘ng ular “Vatanparvar bog‘i”dagi harbiy texnikalar, turli eksponatlar bilan yaqindan tanishib, bog‘ni tashkil etilishi haqida keng ma’lumotlar olishdi.

– “Vatanparvar bog‘i”ga sayohat davomida juda ko‘p ma’lumotlar oldim, - deydi katta leytenant Boburjon Oltiboyev. – Ayniqsa, Vatan himoyasi yo‘lida qurbon bo‘lgan harbiylarga o‘rnatilgan yodgorliklar, ularning qahramonliklari haqidagi ma’lumotlar mard o‘g‘lonlarga bo‘lgan hurmatimni yanada oshirdi. Ishonamanki, xalqimiz o‘z qahramonlarini hech qachon unutmaydi.
Vatanparvar bog‘iga sayohat chegarachilar qalbida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari