Qadimiy Samarqandning yangi qiyofasi shakllanmoqda
Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand deyarli har yili o‘zgarib turadi. Ming yillik tarixga ega bu zamin Bobil va Afina bilan birga insoniyat taraqqiyotida katta hissa qo‘shgan, uning o‘zi ham YUNESKO merosi ro‘yxatiga kiritilgani bejiz emas.
MIRZO ULUG‘BEKNING OCHIQ KITOBI
Qadimiy shaharning yagona havo bandargohi – «Samarqand» xalqaro aeroportida keng ko‘lamli qurilish ishlari yakunlandi.
Eski aeroport 1967 yilda qurilgan va bugungi kunda zamon talablariga javob bermay qolgandi. 2019 yil iyul oyida davlat rahbari tashabbusi bilan yangi aeroport qurish rejasi ishlab chiqildi.
Ayni paytda bu yerda zamonaviy terminal va yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi nihoyasiga yetdi, u allaqachon avialaynerlarni qabul qilib, respublikaning turli hududlari va xorijiy davlatlarga jo‘natmoqda. Umumiy qiymati 83 million AQSH dollari bo‘lgan yangi aeroport binosining loyihasi turkiyalik mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan. Bino Mirzo Ulug‘bekning «Ziji jadidi Kuragoniy» ochiq kitobi shaklida qad rostladi. Haftalik muntazam qatnovlar soni 40 tadan 80 taga ko‘paydi.

– Infratuzilmasi nuqtai nazaridan, bu Markaziy Osiyodagi noyob loyihalardan biridir, – deydi «Air Marakanda» tijorat direktori Dmitriy Martynenko. – Shunday ekan, biz aeroportimizni nafaqat Samarqandning havo bandargohi, balki Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi muhim tranzit punkti deb ham bilamiz.
– Samarqandga tashrifimdan asosiy maqsad aeroportni tayyorlash, uning xalqaro standartlarga mosligini ta’minlash edi, – deydi «Air Marakanda» bosh direktorining ekspluatatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Hilmi Yilmaz. — Aeroport qurilishida eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanildi. Masalan, endilikda yo‘lovchi ro‘yxatdan o‘tish punktiga bormasdan ham aviachiptani ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin bo‘ladi, binoning isitish, yoritish va sovitish tizimlari maxsus kompyuter orqali boshqariladi.
ZIYORATCHILAR UCHUN QULAYLIKLAR
Xabaringiz bor, har yili musulmon dunyosidan minglab sayyohlar Samarqandga asosan Payariq tumanida joylashgan Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qilish uchun kelishadi. Chorak asr oldin qurilgan majmua so‘nggi yillarda sezilarli darajada eskirgan edi.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yilning fevral oyida eski yodgorlik o‘rnida yangi yodgorlik majmuasi barpo etish tashabbusi bilan chiqqan edi. Qurilish Ishlari taniqli "Enter Engineering" qurilish kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, ob’ekt foydalanishga topshirilgach, ziyoratchilar ulug‘ mutafakkir qabrini yer ustida ham, suvoq ishlari yakunlanayotgan yer osti galereyasi orqali ham ziyorat qilishlari mumkin bo‘ladi. Bu yerda 9200 o‘ringa mo‘ljallangan ulkan jome masjidi va har biri 62 metr balandlikdagi to‘rtta minora qurilishi qizg‘in davom etmoqda.

– Ob’ektda 500 nafardan ortiq ishchi va mutaxassis uch smenada ishlaydi, – deydi ma’muriy-xo‘jalik ishlari bo‘yicha menejer Furqat Shoimov. — Qurilayotgan ob’ektlarning umumiy maydoni besh gektardan ortiq, uning salkam bir gektari majmua hovlisiga to‘g‘ri keladi. Eng muhimi, majmua hovlisida ko‘p yillik chinorlar va hovuz saqlanib qolgan.
O‘tgan olti oyda Samarqand-Al-Buxoriy avtomobil yo‘lini kengaytirish, Qoradaryo ustidan eni qariyb 30 metr bo‘lgan zamonaviy ko‘prik qurish ishlari nihoyasiga yetkazildi.
CHORRAHA OSTIDAGI TUNNEL
Hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ijrosi doirasida sobiq Cho‘pon ota yo‘l patrul posti binosi yonida joylashgan «Toshkent-Qarshi» avtomobil yo‘li chorrahasi ham yangi qiyofa kasb etdi. Avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlash, tirbandlikni kamaytirish maqsadida avtomobil yo‘liga zamonaviy svetoforlar o‘rnatildi.
– So‘nggi yillarda avtomagistralning mazkur qismida transport vositalarining normal harakatlanishiga to‘siqlar yaratilib, ko‘plab yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lardi, – deydi Qashqadaryolik haydovchi Husan Olimov. – Hozir bu muammo hal bo‘ldi, biz endi katta yo‘l bo‘ylab tirbandliksiz harakatlanmoqdamiz.
Bundan tashqari, ayni paytda bu yerda shaharlararo avtobuslar uchun yangi Samarqand avtostansiyasi ham qurilmoqda.

Samarqandning Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari shaharning eng gavjum avtomobil yo‘llari hisoblanadi. Rudakiy ko‘chasida avtomobil va tramvay yo‘llari, piyodalar va velosiped yo‘laklari qurildi.
"Bustonsaroy" ko‘chasidagi tunnel yonida galereya tipidagi ko‘prik qurildi. Bo‘stonsaroy ko‘chasining Siyob kanali orqali o‘tadigan qismi avvallari ancha pastroq bo‘lib, yomg‘ir paytida transport va piyodalar uchun noqulaylik tug‘dirardi. Shu bois yo‘l 23 metrga ko‘tarilib, 31 metrga kengaytirildi.
Qiymati 67 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan loyihaga ko‘ra, tunnel ustidagi chorraha aylanma yo‘nalishga ega bo‘ladi. Er osti yo‘l o‘tkazgichi Rudakiy ko‘chasi bo‘ylab cho‘ziladi.
SHAHARNING YANGI – MO‘’JIZAVIY RAMZI
Viloyatdagi yangi ob’ektlar orasida so‘nggi ikki yil ichida eng kattasi, shubhasiz, «Toshkent-Qarshi» avtomobil yo‘li bo‘ylab joylashgan Eshkak eshish kanali yonidagi «Silk Road Samarkand» - «Ipak yo‘li Samarqand» sayyohlik markazi qurilishi bo‘ldi. Mutaxassislarning fikricha, 260 gektar maydonga ega ushbu majmua dunyoda Moskva va Myunxendan keyin uchinchi o‘rinni egallaydi va yangi Samarqandning ramziga aylanadi.
Bu yerda xalqaro standartlarga javob beradigan mehmonxonalar, restoranlar, istirohat bog‘lari, sport arenalari, xalqaro kongress-xoll barpo etildi.
Markaz va sport majmuasi qurilishida 7 mingga yaqin kishi ishtirok etgan bo‘lsa, ularning 30 foizi Turkiya fuqarolaridir. Bu yerda Rossiya, Italiya, Serbiyadan kelgan mutaxassislar ham ishlamoqda.

– Majmuada konstruktiv qism qurilishi nihoyasiga yetdi, kommunikatsiya tarmoqlari tortildi, – deydi Sanoat va fuqarolik ob’ektlari qurilishi direksiyasi boshlig‘i Mo‘minjon Qodirov. – Ayni paytda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, manzarali daraxt ko‘chatlari ekish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Xalqaro kongress markazi binosida ko‘p funksiyali banket zallari, xalqaro delegatsiyalar uchun uchrashuv zallari ham joylashgan.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Igor Savitskiy nomi bilan atalgan 11 qavatli «Savitsky Plaza» va «Mirzo Ulug‘bek» mehmonxonalarining qurilishi ham yakunlandi. Ushbu ob’ektlar Osiyodagi yetakchi sayyohlik kompaniyasi – "Minyoun Hospitality" tomonidan boshqariladi.
KURORT TIBBIYOT KLASTERI
Joriy yilning sentabr oyida «Silk Road Samarkand» ilk sayyohlarni qabul qilib, yirik tadbirlar o‘tkaziladigan joyga aylanishni rejalashtirmoqda. Ayni paytda bu yerda so‘nggi pardozlash ishlari yakunlanib, operativ tadbirlar yo‘lga qo‘yilib, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda.
«Silk Road Samarkand» ko‘p funksiyali sayyohlik markazida sentabr oyida umumiy fondi 1 200 ga yaqin xonaga ega sakkizta xalqaro darajadagi mehmonxona eshiklarini ochadi. Ulardan biri Markaziy Osiyodagi birinchi besh yulduzli mehmonxona bo‘lib, dunyodagi yetakchi mehmonxonalar assotsiatsiyasi – "The Leading Hotels of the World" ro‘yxatiga kiradi.
Markaz nafaqat sayohatchilarni, balki ishbilarmon mehmonlarni ham kutib olishni rejalashtirgan. Ular uchun maxsus 18 000 m2 maydonga ega kongress markazi qurildi. Yuqori texnologiyali zalda 3 500 ishtirokchiga mo‘ljallangan o‘n uchta konferensiya zallari mavjud.
Sog‘lomlashtirish turizmi majmuaning yana bir yo‘nalishiga aylanadi. Dam olish maskanining tibbiy klasteri tizimiga to‘rtta "Wellness Park" mehmonxonasi kiradi.
«ABADIY SHAHAR» MAJMUASI
10 gektar maydonda O‘zbekiston xalqlarining tarixi va an’analarini o‘zida mujassam etgan tor ko‘chali qadimiy Samarqand qiyofasi tiklanmoqda. Bu ko‘chalarda hunarmandlar, musavvirlar, oshpazlar, amaliy san’at namoyandalarining savdo rastalari tashkil etilgan. Tashrif buyuruvchilar milliy taomlarning xilma-xil ta’midan bahramand bo‘lishadi. Shuningdek ular xalq amaliy san’ati durdonalarini yaratish jarayonining bevosita guvohlari bo‘lib, ko‘cha tomoshalarini ko‘rib, o‘zlarini o‘sha olis davrlar madaniyati chorrahasida his etishadi.
«Abadiy shahar» ob’ekti faqat mahalliy xomashyodan – qurilish materiallaridan foydalangan samarqandlik hunarmandlar mehnati bilan barpo etilmoqda.
– Viloyatimizning ko‘p asrlik tarixi jamlangan va mujassamlashgan ushbu majmua asosan madaniy-ko‘ngilochar xususiyatga ega, – deydi loyiha muallifi, taniqli rassom Bobur Ismoilov. — Majmua ham xorijlik, ham mahalliy sayyohlarda qiziqish uyg‘otishi shubhasiz.
RESPUBLIKADA BIRINCHI VA YAGONA
Loyihaga ko‘ra, sayyohlik majmuasining 180 gektar hududi obodonlashtiriladi va ko‘kalamzorlashtiriladi. Mutaxassislarning fikricha, hozircha Markaziy Osiyoda bunday sun’iy bog‘ning o‘xshashi yo‘q. Bu yerga Yevropadan mahalliy iqlimga moslashgan maysazorlar keltirildi.
Bog‘da Germaniya, Belgiya, Italiya va Gollandiyadan olib kelingan 280 ming tupdan ortiq daraxt va butalar ekilgan. Mehmonlar 10 000 donadan ko‘proq mahalliy mevalar: olma, uzum, anor, tutning eng yaxshi navlari, shuningdek, olxo‘ri, shaftoli va o‘rik daraxtlarini ko‘rishlari mumkin.

Ipak yo‘li Samarqand sayyohlik majmuasi ishi tabiiy resurslardan ehtiyotkorona va ekologik toza foydalanishni hisobga olgan holda qurilgan. Dam olish maskani bo‘ylab faqat «yashil» transportda harakatlanish mumkin bo‘ladi.
– Noyob tabiat bog‘i yaratish uchun 21 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari keltirildi, – deydi turizm markazi bosh agronomi Yorqin Hojiyev. — Bu ko‘chatlar allaqachon katta daraxtzorda mahalliy iqlimga moslashgan. Ekishdan so‘ng har bir ko‘chat uchun alohida mikro sug‘orish liniyasi yotqizildi. Ular gullaganda, turli xil gullardan iborat ajoyib manzara paydo bo‘ladi. Mahalliy daraxtlardan anjir va anor ekiladi. Bir so‘z bilan aytganda, Samarqandda birinchi va hozirgacha yagona dendropark barpo etilmoqda.
SAMARQANDGA NAFAQAT SAYYOHLAR TASHRIF BUYURADI...
Yaqinda Samarqanddan 15 kilometr uzoqlikda, Jomboy tumani hududida "Sof Expo Samarkand" ko‘rgazma markazi ochildi.
"Loft" uslubida yaratilgan zamonaviy inshoot mahsulotlarni namoyish etish, anjuman va festivallar o‘tkazish uchun keng maydondir.
Uchrashuvlar va taqdimotlar o‘tkaziladigan xonalar zarur orgtexnika va mebellar bilan jihozlangan. Kafe, yotoqxona, restoran mavjud.
Mutaxassislar mazkur majmua xalqaro andozalarning yuksak talablariga javob berishini, kelajakda nufuzli xorijiy ko‘rgazmalar bilan raqobatlasha olishini e’tirof etdi.
– Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va import o‘rnini bosish masalalari juda dolzarb bo‘lib, bunday platformalarning yaratilishi tadbirkorlarga hamkorlik qilish imkonini beradi, – deydi Samarqand viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibrohimov. — Quyonchilik, parrandachilik, baliq yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan oilalarga mahsulot sotishda ko‘mak berishni rejalashtirganmiz. bugungi kunda viloyatimizdan 98 turdagi meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilinmoqda. Yil davomida biz IT, franchayzing va boshqa yo‘nalishlarda 11 dan ortiq ko‘rgazma o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Kelgusi yilda 8 ming m2 maydonga ega yana bir yopiq pavilon qurish niyatidamiz.
Pavilonlarda yirik qishloq xo‘jaligi texnikalari, agregatlar, ehtiyot qismlar, intensiv sug‘orish texnologiyalari, issiqxonalar qurish, veterinariya preparatlari, mineral o‘g‘itlar, chorvachilik mahsulotlari namoyish etilmoqda.
– Joriy yilning fevral oyidan boshlab jismoniy shaxslarga o‘z xo‘jaligida yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati yo‘li bilan baliq yetishtirishga ruxsat berildi, bu davlatimiz rahbarining qarorida ko‘zda tutilgan, – deydi «Oq Amur baliqlari» mas’uliyati cheklangan jamiyati kotibi Shuhrat Mardonov. – Bizdagi kabi yirik baliqchilik xo‘jaliklari yangi boshlovchi tadbirkorlarni aerator, 20 kub metrlik membrana hovuzlari, 700-800 dona sazan baliqlari va bir tonna ozuqa bilan ta’minlaydi. Bularning barchasiga qariyb 42 million so‘m sarflanadi.
Ko‘rgazma doirasida uchrashuvlar, taqdimotlar va boshqa tadbirlar o‘tkazildi, unda to‘rt mingga yaqin ishtirokchi ishtirok etdi.
Yormamat RUSTAMOV