Qadimiy madaniyatlar birdamligi yo‘lida
Hozirgi kunda O‘zbekiston va Misr munosabatlari yanada rivojlanib, an’anaviy do‘stlik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalar ko‘lami kengayib bormoqda. Munosabatlar uzoq tarixga ega. Misr — arab davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib, ya’ni 1992 yilning 26 dekabrida mamlakatimiz mustaqilligini tan olgan yurt sifatida tarixga kirgan. O‘zbekiston Misr davlati bilan xalqaro maydonda ilk diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan davrdan boshlab, to hozirga vaqtga qadar ishonchli hamkor ekanligini namoyon etmoqda.
Davlatimiz rahbari Misr Prezidenti Abdulfattoh As-Sisining taklifiga binoan joriy yilning 20-21 fevral kunlari ushbu mamalakatda rasmiy tashrif bilan bo‘ldi. Mazkur tashrif o‘zaro manfaatli munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi, deyish mumkin.
Ma’lumki, Arab mamlakatlari, xususan, Misr Arab Respublikasi bilan ko‘p tomonlama va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida qayd etish lozim. Mazkur muhim tashrif doirasida ushbu davlatning arab, umuman, musulmon olamidagi, shuningdek, Afrika qit’asidagi mamlakatlar orasida O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga egaligini qayd etish o‘rinlidir.
Sababi, Misr va O‘zbekiston munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini tahlil qilsak, o‘zaro aloqalar barqaror ravishda, do‘stona ruhda ko‘plab sohalarda kengayib borayotganiga guvoh bo‘lamiz. Xozirgi kunda ikki mamalakat o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-ma’naviy, sayyohlik jumladan, ziyorat turizmi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ham ta’kidlash mumkin.
Misrning turizm sohasidagi katta salohiyati O‘zbekiston uchun ulkan imkoniyatlarni yaratadi. Bilamizki, ushbu mamlakatning afsonalarga boy tarixi, arxitekturasini tomosha qilish ilinjida har yili o‘n-yigirma million atrofidagi sayyoh tashrif buyuradi. Buning ortidan esa mamlakatning turizm salohiyati jadallashib, ushbu soha ortidan mamlakat iqdisotiyoti foyda ko‘radi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston bilan Misr o‘rtasida oliy ta’lim sohasida, xususan, arab tili va arab adabiyoti, islomshunoslik, manbashunoslik, Arab Sharqi mamlakatlari iqtisodiyoti, farmakologiya, qishloq xo‘jaligi, veterinariya va boshqalar yo‘nalishlarda mustahkam aloqalar mavjud.
Shu bilan birga, yurtimizning qator OTMda arab tili bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Xususan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tili institutida, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida jami 4 mingdan ortiq talabalar arab tilini alohida ta’lim yo‘nalishi sifatida o‘rganishmoqda.
Ikki davlat oliy ta’lim vazirlari o‘rtasidagi muzokaralar davomida Misr oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida dars berishlari qayd etildi.
Tashrif davomida Prezidentlar huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Ular ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari, O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Misr Investitsiyalar bo‘yicha bosh boshqarmasi o‘rtasidagi, o‘simliklar karantini va himoyasi, jamoat sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etish, investitsiyalarni jalb qilish va ikki tomonlama investitsiyaviy munosabatlarni mustahkamlash, texnik jihatdan tartibga solish, taraqqiyot masalalarida tajriba almashish kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zbekiston Sharqshunoslik instituti tomonidan Misr Milliy kutubxonasi va arxivi bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi. Bu esa ilm-fan sohasidagi hamkorlik mushtaraklik kasb etishini anglatadi.
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Markaziy Osiyo xalqlari qadimgi davrdan boshlab, Yaqin Sharq hududidagi davlatlar va Misr bilan savdo-madaniy aloqalar o‘rnatgan. Ajdodlarimiz Misrda ham bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishda qatnashgan. Ilk o‘rta asrlarda Misrda buyuk mutafakkir bobomiz Ahmad al-Farg‘oniy Qohira shahrining markazidan o‘tgan Nil daryosi o‘zanida joylashgan Roda orolida suvning hajmi va tezligini o‘lchaydigan inshoot — nilomerni yaratdi.
E’tiborlisi, bu inshootdan hozirgacha foydalanib kelinmoqda. Ahmad al-Farg‘oniy bobomiz o‘z davrining yetuk astronomi, matematigi va geografi bo‘lgan. Bag‘dod va Damashqda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazgan, 856 yildan esa Qohirada yashab, umrining so‘nggiga qadar Misrda ilm-fan bilan shug‘ullangan.
O‘zining buyuk asarlari bilan insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan mutafakkir bobomizning Misr rivojiga qo‘shgan ushbu xizmati doimo qadrlanadi. Shu sababdan Qohira shahrining markazida buyuk bobokalonimizga bag‘ishlab haykal o‘rnatilgan.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik aloqalari yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Ushbu tashrif davlatlarimiz hamkorligi tarixida yangi sahifa ochish barobarida, kelgusida ikki mamlakatning yanada yaqin aloqalarida yangi bosqichni boshlab beradi.
Eldor SHERMANOV,
O‘zbekiston davlat san’at va
madaniyat instituti rektori v.v.b
O‘zA