Qadimgi Qanqa shahridan yangi topilma
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti arxyeologlari tomonidan Toshkent viloyati hokimligi homiyligida amalga oshirilayotgan arxyeologik qazishmalarning navbatdagi kunida noyob topilma — milodiy 10 – 11-yuzyilliklarga oid devoriy suratlar aniqlandi.
Mazkur institut direktorining o‘rinbosari, professor, tarixchi olima Dilnoza Jamolovaning aytishicha, topilmalar qadimgi Qanqa shahri shahristonida joylashgan katta karvonsaroy hududida ochildi. Qadimgi shaharning janubiy darvozasidan taxminan 60 metr masofada joylashgan bu karvonsaroyning umumiy o‘lchami taxminan 100×70 metrni tashkil etadi. Bino o‘zining me’moriy mahobati bilan ajralib turadi.

Karvonsaroy xonalaridan birida olib borilayotgan qazuv jarayonida xonalar devorlaridan qulab tushgan devoriy surat bo‘laklari aniqlandi. Ular 25×30, 15×20 va 30×35 santimetr o‘lchamda bo‘lib, bu karvonsaroy xonalari devoriy suratlar bilan bezatilganini tasdiqlaydi. Topilmalar arablar bosqinidan keyin ma’lum vaqt yo‘qolib ketgan devoriy bezak san’ati Toshkent hududida ham 10 – 11-yuzyilliklarda qayta tiklanganini ko‘rsatadi.

Arxyeologik ma’lumotlarga ko‘ra, shunga o‘xshash devoriy rasmlar Samarqand va Axsikent yodgorliklarida ham aniqlangan. Madaniy meros agentligi Samarqand arxyeologiya instituti restavratorlari ishtirokida o‘rganilayotgan ushbu suratlar Toshkentda ham devoriy suratchilik maktabi mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Yodgorlikda 2023 yil olib borilgan arxyeologik izlanishlar davomida 5 – 7-yuzyilliklarga oid devoriy suratlar qayd etilgan edi.
Qanqa shahridagi ushbu topilma nafaqat hududning madaniy hayoti va san’at rivojini yoritishda, balki Toshkent vohasi o‘rta asrlar tarixini yangidan o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova,
O‘zA