Qadim va boqiy Buxoro sayyohlarni hayratlantirmoqda
Buxoro azaldan Sharq sivilizatsiyasining yirik markazlaridan biri sifatida dunyo ahlini o‘ziga rom etib kelgan. Ming yillik tarix, betakror me’moriy obidalar, muqaddas qadamjolar va mehmondo‘st xalq bu qadim shaharning eng katta boyligi hisoblanadi. Keyingi yillarda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida Buxoro nafaqat O‘zbekistonning, balki Markaziy Osiyoning eng jozibador sayyohlik markazlaridan biriga aylandi.
Bugungi kunda viloyatda turizm iqtisodiyotning muhim o‘sish nuqtasiga aylanib bormoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 21 ta yangi joylashtirish vositasi, jumladan, mehmonxonalar, xostellar va oilaviy mehmon uylari ishga tushirildi. Natijada viloyatdagi joylashtirish ob’ektlari soni 703 taga yetdi va bir vaqtning o‘zida qariyb 18 ming 300 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, yangi turoperator va turagentliklarning faoliyat boshlashi turizm xizmatlari qamrovini yanada kengaytirdi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon Buxoroga bir million nafardan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Turizm xizmatlari eksporti hajmi esa qariyb 320 million AQSH dollariga yetdi. Shu bilan birga, mamlakatimizning turli hududlaridan 2,5 million nafardan ziyod mahalliy sayyoh qadim shaharga tashrif buyurgani sohadagi o‘sish sur’atlarini yaqqol namoyon etmoqda.
Ayniqsa, Qurbon hayiti munosabati bilan berilgan dam olish kunlarida Buxoro yanada gavjum bo‘ldi. Besh kun davomida viloyatga 67,5 ming nafar xorijiy va 98,2 ming nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Ular nafaqat tarixiy va muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi, balki shaharda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy infratuzilma va yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish tizimi bilan ham tanishdi.
–Dam olish kunlarida oilamiz bilan Buxoroga keldik. Qadimiy qadamjolarni ziyorat qildik. Bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar va xizmatlar ko‘plab xorijiy mamlakatlardagidan qolishmaydi. Shahardagi o‘zgarishlardan juda mamnun bo‘ldim, –deydi toshkentlik mehmon Muhabbat Nabiyeva.
Buxoroning asosiy jozibasi uning boy tarixiy merosida namoyon bo‘ladi. Poi Kalon majmuasi, Ark qal’asi, Labi Hovuz ansambli kabi noyob me’moriy yodgorliklar asrlar davomida o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Xususan, XVI–XVII asrlarda barpo etilgan Labi hovuz ansambli bugun ham minglab sayyohlarni o‘ziga jalb qilib, shaharning haqiqiy ramzlaridan biri sifatida xizmat qilmoqda.
Turli davlatlardan kelgan mehmonlar Buxoro haqida iliq fikrlar bildirmoqda. Germaniya, Hindiston, Rossiya, Shveysariya, Xitoy, Italiya, Avstraliya va boshqa mamlakatlardan tashrif buyurgan sayyohlar shaharning betakror me’morchiligi, milliy taomlari, xavfsiz muhiti va insonlarning samimiy munosabatini alohida e’tirof etmoqda. Ularning aksariyati Buxoroni “ertaklar shahri”, “Sharq durdonasi” va “tirik tarix muzeyi” sifatida baholamoqda.
–Men ko‘rgan shaharlar orasida Buxoro eng go‘zal va eng qadimiylaridan biri bo‘ldi. Bu yer haqiqatan ham Sharqning durdonasi ekan. Unutilmas taassurotlar bilan yurtimga qaytyapman, –deydi germaniyalik sayyoh Yuliya Noyer.
Hindistonlik sayyoh Vidushi Jain esa Buxoroni ertaklar shahriga qiyosladi.
–Toshkent va Samarqanddan keyin Buxoroga keldik. Bu shaharning tarixi, madaniyati va milliy taomlari bizda juda katta taassurot qoldirdi. Go‘yo o‘zimizni ertaklar olamiga tushib qolgandek his qilyapmiz, –deydi mehmon.
Rossiyalik sayyoh Anna Vitkina esa buxoroliklarning mehmondo‘stligini alohida e’tirof etdi.
–Bu yerda sizni sayyoh sifatida emas, balki o‘z yurtining mehmoni sifatida qabul qilishadi. Odamlarning samimiyligi va mehribonligi sayohatimizni yanada maroqli qildi, –deydi u.
Shveysariyalik sayyoh Verh Noyerning fikricha, O‘zbekiston va uning qadim shaharlari uzoq vaqt xotiradan o‘chmaydigan taassurot qoldiradi.
–Biz bir necha mamlakat bo‘ylab sayohat qildik. Ammo Buxoro o‘zining tarixiy muhiti va betakror qiyofasi bilan alohida ajralib turdi, –deydi sayyoh.
Hindistonlik shifokor Devjith Kar ham Buxoro haqida yuqori fikr bildirdi:
–Bu yerdagi tarixiy obidalar, me’morchilik namunalari va insonlarning mehribonligi bizda katta taassurot qoldirdi. Men dunyoning turli mamlakatlaridagi insonlarga Buxoroga tashrif buyurishni tavsiya qilgan bo‘lardim.
Xitoylik sayyoh Tyang Shua esa Buxoroni ijtimoiy tarmoqlar orqali kashf etganini aytadi:
–Rasmlar orqali ko‘rib, bu yerga kelishni orzu qilgandim. Haqiqatda esa Buxoro kutganimdan ham go‘zal ekan. Har bir ko‘chasida tarix nafasi sezilib turadi, — deydi mehmon.
Italiyalik sayyoh Roy Serkuetining ta’kidlashicha, Buxoro dunyodagi tarixiy shaharlar orasida munosib o‘ringa ega.
–Biz Rimdan kelganmiz. Ammo Buxoro ham o‘zining boy tarixi va madaniyati bilan bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerga yana qelish niyatidamiz, –deydi italiyalik sayyoh Roy Serkueti.
[gallery-29742]
Avstraliyalik Endryu Tompson esa shaharning tarixiy muhiti va me’morchiligidan hayratlanganini yashirmaydi:
-Bu yerda o‘zimni ertaklar olamida yurgandek his qildim. Bir necha asrlar avval barpo etilgan obidalarning bugungacha saqlanib qolgani hayratlanarli.
Bugun Buxoro jahon standartlari asosida xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy turistik markazga aylanmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, yangi infratuzilma ob’ektlari va qulay shart-sharoitlar shaharning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlamoqda.
Xulosa qilib aytganda, ko‘hna va boqiy Buxoro o‘zining betakror tarixi, noyob me’moriy obidalari, mehmondo‘st xalqi va zamonaviy infratuzilmasi bilan dunyo sayyohlarini hayratga solishda davom etmoqda. Qadimiylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan bu shahar bugun O‘zbekiston turizmining haqiqiy brendi sifatida xalqaro maydonda tobora keng e’tirof etilmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari