Pxenyan raketa sinovlarini davom ettirmoqda
Shimoliy Koreyaning Mudofaa Fanlari akademiyasi Soxe kosmodromida navbatdagi raketa sinovi amalga oshirilgani haqida ma’lum qildi. Qayd etilishicha, sinov 13 dekabr kuni o‘tkazilgan.
Shimoliy Koreyaning Mudofaa Fanlari akademiyasi Soxe kosmodromida navbatdagi raketa sinovi amalga oshirilgani haqida ma’lum qildi. Qayd etilishicha, sinov 13 dekabr kuni o‘tkazilgan.
“Partiya Markaziy qo‘mitasi olimlarimizga o‘z tabriklarini yo‘llashdi. So‘nggi paytlarda Mudofaa ishlarida birin-ketin erishayotgan natijalar Koreya Xalq Demokratik Respublikasining strategik yadro qurollarini yangi bosqichga olib chiqish uchun qo‘llaniladi“, deyiladi Shimoliy Koreya “Telegraf“ agentligi orqali e’lon qilingan bayonotda.
O‘tgan hafta Mudofaa Fanlari akademiyasi Soxe kosmodromidagi sinov muvaffaqiyatli o‘tgani haqida ma’lum qilgan edi. Ekspertlarning fikricha, gap qit’alararo ballistik raketa uchun qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan dvigatel sinovi ustida bormoqda.
Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturi ko‘p yillardan buyon jahon hamjamiyatida tashvish uyg‘otmoqda. Buning uchun BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan KXDRga sanksiya ham qo‘llanildi. Pxenyan 2017 yilda ketma-ket raketa va yadro sinovlaridan keyin maqsadga erishganini, endi denuklearizatsiyaga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Shundan keyin ikki marta AQSh – KXDR sammiti bo‘lib o‘tdi, unda tomonlar denuklearizatsiya va munosabatlarni yaxshilash sari harakat qilishga kelishib oldi. Biroq keyingi paytlarda bunday muloqot to‘xtab qoldi. Vashington Pxenyandan yadro qurolidan voz kechishga yanada qat’iyroq harakat qilishni talab qilayotgan bo‘lsa, KXDR denuklearizatsiyaga javoban AQShning hech qanday harakat qilmayotganini ta’kidlab keladi.
AQSh prezidenti Donald Trampning Xanoyda KXDR rahbari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi hech qanday natija bermadi. Unda Pxenyan bor-yo‘g‘i yadro sinovini o‘tkazmaslikka, yaqin va o‘rta masofaga parvoz qiladigan qit’alararo ballistik raketalarni uchirmaslikka va’da bergandi.
Shimoliy Koreya so‘nggi vaqtlarda Vashingtonga yil oxirida muddat tugayotgani haqda tez-tez eslata boshladi. Pxenyanning fikricha, ushbu muddat ichida .Vashington Pxenyanga Koreya yarimorolida vaziyatni ijobiy hal etish uchun yangi taklifini taqdim etishi kerak. Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligining bayonot berishicha, KXDR AQSh tomon yetarlicha qadamlar tashladi, agar Vashington javob tariqasida hech qanday ish qilmasa, unda “Rojdestvo sovg‘asini“ oladi.
Shimoliy Koreyaning raketa uchirishlari tabiiyki, eng birinchi Janubiy Koreya bilan Yaponiyani qattiq tashvishga solib keladi. Chunki, Pxenyan uchirgan raketalar Janubiy Koreya hamda Yaponiya dengiz hududlariga yaqin joyga tushadi. Shu bois har gal Shimoliy Koreya raketa sinovini o‘tkazganda Seul hamda Tokio keskin noroziligi ma’lum qiladi. Bu gal ham xuddi shunday bo‘ldi.
Janubiy Koreya mudofaa vaziri Chon Gyon Du KXDRning amalga oshirgan raketa dvigatel sinovi Seulni qattiq tashvishga solganini ta’kidladi, – deb yozadi Koreya Respublikasi axborot agentligi “Ryonxap“.
Bundan avval Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari KXDR 7 dekabrda Soxe kosmodromida sinov o‘tkazayotgan paytda yangi turdagi raketa uchun mo‘ljallangan dvigatelni ikki marta tekshiruvdan o‘tkazgan va yangi yilga qadar yana bir bor uchirishi mumkinligini yozgan edi.