Puan Maxarani bobosi izidan Samarqandga keldi
Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammitidi ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan Indoneziya Xalq vakillari Kengashi raisi Puan Maxarani boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni Samarqand temiryo‘l vokzalida viloyat hokimi E.Turdimov kutib oldi va shu yerning o‘zida qisqa muloqot bo‘lib o‘tdi.


Muloqot davomida Puan xonimning bobosi, Indoneziyaning birinchi prezidenti janob Sukarno 1956 yilning sentyabr oyida yurtimizga tashrif buyurib, buyuk muhaddis Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilgan birinchi xorijlik davlat arbobi bo‘lganligi alohida mamnuniyat bilan yodga olindi. Puan Maxaranining Samarqandga tashrifi sentyabr oyiga to‘g‘ri kelganligida ham ramziy ma’no borligi qayd etildi.
Muloqot davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik va do‘stlik aloqalari tarixi bir necha asrlarga borib taqalishini ta’kidlab, bu aloqalarni yanada mustahkamlash va keng qamrovda davom ettirish yuzasidan fikr almashildi. Jumladan, turizm sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Indoneziyaliklarning Samarqandga ziyoratini tashkil etish orqali kichik haj tur paketini tashkil etish har tomonlama manfaatli bo‘lishi qayd etildi.


Puan xonim Samarqand bilan tanishuvchi Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilishdan boshladi. Bu yerda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, mehmonlar “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida bo‘ldi. Universitet rektori, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov hamrohligida universitetda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.


O‘zaro hamkorlikni, xususan turizm bo‘yicha ikki tomon uchun manfaatli tur paketlarni tashkil etish bo‘yicha muloqot o‘tkazildi.
Indoneziya delegatsiyasining tashrifi davom etmoqda.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA