Prokuror og‘ir hududlardagi holatni o‘rgandi
Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan viloyat 2-sektor shtabi a’zolari, tuman mutasaddi idoralari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan birgalikda iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli nisbatan og‘ir bo‘lgan hududlarda aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Sirdaryo viloyati prokurori Shoxrux Aminov Boyovut tumani olis hududlarida joylashgan sharoiti og‘ir bo‘lgan “Madaniyat”, “Ma’naviyat” va “Ijodkor” mahallalarida uyma-uy kirib, muammolarni o‘rgandi. Ushbu hududda istiqomat qiluvchi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turuvchi 7 ta xonadonga 7 tadan parranda, 5 ta xonadonga 1 tadan qo‘y va echkilar topshirildi.
Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan mas’ullarga zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, viloyat prokurori tuman sektor rahbarlari bilan birgalikda hududdagi yangi tashkil etilgan “Boyovut kotton texstil” MCHJ faoliyatini o‘rgandi.
2022 yil yanvar-fevral oylarida korxona tomonidan 958,0 ming dollar ip kalava eksporti amalga oshirilib, 400 nafar fuqaroning doimiy bandligi ta’minlandi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA