Profilaktik tadbirlar oʻz samarasini bermoqda
Shu maqsadda boshqarma tarkibidagi yongʻinga qarshi kurash qismlari hududiy gaz, elektr taʼminoti korxonalari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Sharof Rashidov tumanida tadbir oʻtkazdi.
Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maxsus xizmatlari tomonidan korxona, muassasa, tashkilot bino va inshootlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi boʻyicha profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Maʼlumki, ob-havoning sovishi bilan issiqlikka boʻlgan talab va ehtiyojning ortishi natijasida yongʻin roʻy berish ehtimoli koʻpayadi. Ushbu holat hisobga olinib, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan yongʻin va uning oldini olishga eʼtibor kuchaytirilayotir.

Shu maqsadda boshqarma tarkibidagi yongʻinga qarshi kurash qismlari hududiy gaz, elektr taʼminoti korxonalari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Sharof Rashidov tumanida tadbir oʻtkazdi.
Tadbir davomida boshqarmaning yongʻin xavfsizligi xizmati xodimlari tumandagi tegishli boshqaruv va jamoatchilik vakillari ishtirokida umumtaʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim muassasalari, korxona, tashkilotlar, aholi xonadonlarida boʻlib, kuz-qish mavsumi uchun olib borilgan tayyorgarlik ishlarini oʻrganib chiqishdi.

Oʻrganish davomida favqulodda vaziyatlarning xavfsizlik talablarining buzilish hollari bartaraf etilib, yongʻin vaqtida toʻgʻri harakatlanish va yongʻin oʻchirish anjomlaridan foydalanish tartiblari xususida batafsil tushunchalar berildi.
Oʻtkazilgan profilaktika tadbirlari davomida hududdagi 55 korxona, tashkilot va muassasalar, 18 ming 600 aholi xonadonlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi koʻzdan kechirildi. Mutasaddi tashkilot xodimlari bilan birga kuzatuv davomida gaz va elektr tizimida 264 ta kamchiliklar aniqlanib, ularning 95 tasi joyida bartaraf etilishi taʼminlandi.

– Bu kabi profilaktik tadbirlar oʻz samarasini bermoqda, – deydi Sharof Rashidov FVB boshligʻi oʻrinbosari Salohiddin Eshmatov.
– Tumanda joriy yilning sakkiz oyida yongʻin hodisalari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 22,4 foizga kamaydi. Bu tizimimiz tomonidan muntazam olib borilayotgan profilaktika tadbirlarining samarasidir.