Professor-o‘qituvchilar koronavirusga qarshi emlanmoqda
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professor-o‘qituvchilari koronavirusga qarshi emlanishni boshladi.
– bugungi kunda barchamizning vaksinatsiya jarayonida faol ishtirok etishimiz muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi universitet rektori Ahmed Reymov. – Bu bilan biz nafaqat o‘zimizning balki atrofimizdagilarning ham sog‘ligini asragan bo‘lamiz. Soha mutaxassislari qayd etganidek, koronavirusga qarshi vaksinalar pandemiyani yengishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shu kunning o‘zida universitet prorektorlari, fakultet dekanlari va mas’ul xodimlar ixtiyoriy ravishda koronavirusga qarshi vaksina oldi.
Ta’kidlash joizki, barcha oilaviy poliklinikalarda maxsus brigadalar tashkil etilib, joylarda koronavirusga qarshi davolash ishlari olib borilmoqda. Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida Nukus shahrida beshta joyda, jumladan, “Mega Nukus”, “Korzinka” savdo markazlarida, markaziy Dehqon bozorida, davlat xizmatlari markazida, FHDYO bo‘limida mobil brigadalar tashkil etilib, barcha e’tibor emlash ishlariga qaratilmoqda. Chunki ayni damda emlanish har qachongidan ham muhim bo‘lib, u kasallikning oldini olish va odamlar hayotini saqlab qolishning xavfsiz hamda samarali usulidir.
Vaksinatsiya jarayonida Orolbo‘yining boshqa oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ham faol ishtirok etib, koronavirusga qarshi emlanmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA