Professional boks: Jalolov AQSHda g‘alabaga erishdi
AQSHning Kaliforniya shtatida professional boks oqshomida hamyurtimiz Bahodir Jalolovning amerikalik Kyortis Xarperga qarshi jangi hamyurtimizning kuchli zarbasi oqibatida muddatidan oldin yakunlandi.
10 raundga mo‘ljallangan jangning 4-raundida Bahodir raqibini burchakka taqadi va kuchli zarbasi bilan Xarperni muvozanatdan chiqardi. Ushbu vaziyatda referi hisobni ochdi va jangni to‘xtatdi. Bokschimiz texnik nokaut evaziga g‘oliblikni tantana qildi.
Aytish lozim, jangning 3-raundida ham Jalolov raqibini nokdaun holatiga tushirgan edi. Ayni shu holatlar 4-raundda o‘z so‘zini aytdi.
Ushbu g‘alaba orqali hamyurtimiz Bahodir Jalolov professional boksdagi o‘zining 12-g‘alabasini nishonladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA