Professional boks: 15 oktyabrning juftliklari ma’lum
Xabar berganimizdek, joriy yilning 15 oktyabr kuni
Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida professional boks kechasi tashkil etiladi.
Yurtimizning taniqli professional bokschisi Shohjahon Ergashev hamda "Axmat" boks klubi hamkorligida o‘tkaziladigan mazkur musobaqada qatnashadigan barcha professional bokschilar nomi ma’lum bo‘ldi.
13 ta juftliklar o‘rtasida o‘tadigan boks bahslarining 11 tasida hamyurtlarimiz o‘zaro jang olib borishsa, ikkita uchrashuvda hamyurtlarimiz xorijiy mamlakat professionallari bilan ro‘baro‘ kelishadi.
O‘zbekiston professional boks federatsiyasi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat esa quyidagi ko‘rinishda:
59 kg (4-raund) Botirjon Zokirov - Saidjon Abdujalilov; 49 kg (4-raund) Davronbek Abdullayev - Afzalbek Baxtiyorov; 69 kg (4-raund), Faxriddin Nuriddinov (ilk jangi) - Doniyorbek Ergashev (ilk jangi); 66 kg (4-raund) Asrorbek Rahimov (1-0-0) - Abulfayz Jumaboyev (ilk jangi); 59 kg (4-raund) Ismoiljon Xoliqov (0-1-0) - Shahboz Rahmatov (ilk jangi); 69 kg (4-raund) Bekzod Qodirov (ilk jangi) -Maqsadbek Matyazov (0-1-0); 66 kg (4-raund) Bekzodbek Isadullayev (ilk jangi)- Sarvarjon Xolmirzayev (ilk jangi); 72 kg (6-raund) Jamshid Risqiyev (5-6-0) -Jamshid Qo‘qonboyev (ilk jangi); 76 kg (6-raund)Jamshid Karimov (5-0-0) -Azizbek Abdulatipov (ilk jangi); 63.5 kg (8-raund) Feruzbek Yuldashev (5-4-0) - Zohid Xudoyberganov (17-1-0); 6-raund Muhammadali Polvonov (ilk jangi) - Aleksandr Saltikov (Rossiya, 12-66-3); 72kg (10-raund) Javohir Fozilov (2-0-2) - Alisher Ashurov (Rossiya, 4-32-0); Markaziy jang, 55 kg Islombek Pirmanov (3-0-0) - Toto Xelebe (Janubiy Afrika, 20-7-0).
O‘zbekiston professional boks federatsiyasi bosh kotibi Bekzod Soliyevning bildirishicha, musobaqani yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha Farg‘ona viloyati Beshariq tuman hokimligi va homiylar har tomonlama ko‘mak ko‘rsatmoqda. E’tiborlisi, ushbu boks kechasida 10 nafar yosh bokschi professional ringdagi ilk janglarini o‘tkazishadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA