Prezident topshirig‘i amalda: yoshlar doimo e’tiborda
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 11 aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida har bir oliygoh rektoriga 50 nafardan e’tiborga muhtoj yoshlar nomma-nom biriktirilgan edi.
Qayd etish joizki, o‘tgan vaqt mobaynida uyushmagan yoshlarning muammolariga yechim izlash maqsadida Namangan davlat universiteti rektoriga Pop tumanining Kelachi va Iftixor mahallasidan yoshlar biriktirilgan edi. Bu jarayonda yoshning har biri bilan individual tarzda ish olib borilayotgani, “Universitet rektori va yoshlar” uchrashuvlarining muntazam o‘tkazib kelinayotgani, ertamiz egalarining jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, sog‘lom hayot kechirishi, o‘z orzu-maqsadlariga erishishi uchun barcha kuch va imkoniyatlardan foydalanilayotgani o‘zining kutilgan samarasini bermoqda.

Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan amalga oshirilgan xayrli ishlar bu yoshlar qalbini cheksiz quvonchga to‘ldirdi. Xususan, biriktirilgan yoshlardan biri Madina G‘aniyeva bolalikdan tikuvchilikka qiziqar edi. Shu paytgacha bu borada muayyan tajriba ham to‘pladi. Biroq o‘zining tikuv mashinasi yo‘qligi sababli mustaqil ish boshlay olmayotgan edi. Unga istiqlol ayyomi tuhfasi sifatida universitet tomonidan tikuv mashinasining taqdim qilingani uning hayotga bo‘lgan qiziqishini oshirib yubordi. U endilikda tikuvchilik orqali daromad topishi mumkin.

Poplik yana bir qiz Dilnura Sharipova hali maktabning 9-sinfida o‘qiydi. U kelajakda huquqshunos bo‘lmoqchi. Istagiga ko‘ra sovg‘a qilingan zamonaviy noutbuk endi uning izlanishi, chuqur bilim olishi uchun vosita bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.
Xushnudjon Yoqubov esa avvalgi “Rektor va yoshlar” uchrashuvlarida orzusidagi oliygohga o‘qishga kirishi uchun repetitor ta’limiga ehtiyoji borligini ma’lum qilgan va uning bu talabi qanoatlantirilgan edi. Xushnudjon bir necha oy davomida qo‘shimcha bilim oldi, astoydil o‘qidi va natijada “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti talabasiga aylandi. Unga ham yangi noutbuk sovg‘a qilindi va bu uning uchun qo‘shaloq bayram hadyasi bo‘ldi.

Biriktirilgan yoshlardan yana biri Muhammadbobur Ulkanboyev mehnatkash yigit. U endilikda mashina yuvish shoxobchasida mustaqil ish boshlashi mumkin. Chunki iltimosiga binoan unga “Karcher” mashina yuvish uskunasi topshirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, ulashilgan bayram tuhfalari 10 nafarga yaqin yoshlar ko‘nglini shodlikka to‘ldirdi. Yuraklaridagi, inson qadri ulug‘ Vatanda yashash – bebaho baxt, degan g‘ururni yanada kuchaytirdi.
Bayram sovg‘alarini topshirgan universitet rektori, professor Sobitxon Turg‘unov yoshlarni eng ulug‘, eng aziz ayyom bilan tabriklab, samimiy tilaklarini bildirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA