Prezident tashabbuslari hayotbaxsh o‘zgarishlarga yo‘l ochmoqda
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi bosqichida hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish va qishloqlarni zamonaviy qiyofaga olib chiqish davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz rahbarligida qabul qilinayotgan har bir qaror zamirida, avvalo, inson qadrini yuksaltirish, xalqning hayotdan roziligini ta’minlash va har bir mahallani farovon maskanga aylantirishdek ulug‘ maqsad mujassam.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-fevralda chiqarilgan “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz hududlarini mutlaqo yangi bosqichda rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish, barqaror ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirishning amaliy dasturiga aylandi. Bu hujjatlar asosida har bir tumanning imkoniyatlari chuqur tahlil qilinib, infratuzilma, ijtimoiy soha va iqtisodiyotni bir vaqtning o‘zida rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar boshlab yuborildi. Bu o‘zgarishlarning yorqin namunasini bugun buxoro viloyati Shofirkon tumani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Prezident qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ijtimoiy soha ob’ektlarini yangilash va aholiga qulay muhit yaratish uchun 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Bu mablag‘lar hisobidan yangi mahalla binolari qurilmoqda, ta’lim muassasalari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari kapital ta’mirlanmoqda. Yillar davomida aholini qiynab kelgan ichki yo‘llar asfaltlanib, piyodalar yo‘laklari barpo etilmoqda. Chekka hududlarda elektr ta’minoti va toza ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar bosqichma-bosqich hal etilayotgani esa aholi turmush sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bugungi islohotlarning eng muhim jihati shundaki, qurilayotgan har bir inshoot, ta’mirlanayotgan har bir yo‘l yoki tarmoq ortida inson manfaati, oila farovonligi va kelajakka bo‘lgan ishonch mujassam.
Tumanda amalga oshirilayotgan loyihalar orasida Ko‘rishkent mahallasidagi 42-sonli madaniyat markazining rekonstruksiya qilinishi alohida ahamiyatga ega.
Qiymati 847 million so‘m bo‘lgan ushbu loyiha doirasida inshoot to‘liq zamonaviy talablar asosida qayta ta’mirlanmoqda. Qurilish ishlarini “Doss ta’mir loyiha” MCHJ mutaxassislari olib bormoqda.
Ayni paytda qurilish jarayoni viloyat va tuman hokimliklari, soha mutasaddilari tomonidan doimiy nazorat qilinayotir. Qurilish materiallari sifati, mehnat muhofazasi, ish sur’ati va belgilangan muddatlarga qat’iy amal qilinishi ta’minlanmoqda.
Yaqin kelajakda mazkur madaniyat markazi nafaqat turli tadbirlar o‘tkaziladigan maskan, balki yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iste’dodlarni kashf etish va mahalla ahlining ma’naviy hayotini boyitishga xizmat qiladigan zamonaviy markazga aylanadi.
Tumanda markaziy dehqon bozori hududi tubdan qayta qurilmoqda. Ichki yo‘llarni asfaltlash, ko‘p qavatli turar-joylar barpo etish, sug‘orish ariqlarini betonlash, sohilbo‘yi hududlarini obodonlashtirish va yangi infratuzilma ob’ektlarini qurish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Bu o‘zgarishlar nafaqat tashqi qiyofani o‘zgartirmoqda, balki aholiga qulaylik, tadbirkorlik rivoji va investitsiyalarni jalb qilish uchun ham mustahkam zamin yaratmoqda.
Prezident tashabbusi bilan xalqaro hamkorlik asosida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida “Pashmon” mahallasida haqiqiy bunyodkorlik maydoni shakllangan.
Umumiy qiymati 18 milliard 605 million so‘mdan ziyod bo‘lgan loyihalar aholi hayotining deyarli barcha sohalarini qamrab olgan.
— Xususan, 140 o‘rinli 10-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti kapital ta’mirlanmoqda, — deydi “Pashmon” mahallasi raisi Laziz Muhammedov. — “Pashmon” oilaviy shifokorlik punkti to‘liq yangilanmoqda. 23,6 kilometr tashqi ichimlik suvi tarmog‘i qurilmoqda. 11,5 kilometr avtomobil yo‘llari ta’mirlanmoqda. Yangi transformatorlar o‘rnatilib, elektr tarmoqlari yangilanmoqda. Piyodalar yo‘laklari barpo etilmoqda. irrigatsiya tarmoqlari rekonstruksiya qilinmoqda. Mahallada qo‘shimcha asfaltlash ishlari ham amalga oshirilmoqda. Bu ishlar nafaqat bugungi ehtiyojlarni qondirish, balki mahallaning o‘nlab yillik taraqqiyoti uchun mustahkam infratuzilma yaratishga xizmat qiladi.
Shofirkonda amalga oshirilayotgan ishlarga nazar tashlar ekanmiz, bitta haqiqat yanada yaqqol namoyon bo‘ladi: bugungi bunyodkorlikning asosiy maqsadi binolar yoki yo‘llar qurish emas, balki inson hayotini yaxshilashdir.
Prezidentimiz rahbarligida mahallalarni rivojlantirish, muhandislik tarmoqlarini yangilash, ta’lim va tibbiyot sifatini oshirish, madaniyat va dam olish maskanlarini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilning amaliy ifodasidir.
Shofirkon tumanidagi bugungi bunyodkorlik ishlari oddiy qurilish jarayoni emas. Bu — Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning hayotdagi yorqin ifodasi, xalq farovonligiga qaratilgan oqilona siyosatning amaliy samarasidir.
Yillar davomida yechimini kutayotgan masalalarning izchil hal etilayotgani, mahallalarning zamonaviy qiyofa kasb etayotgani, yangi ijtimoiy ob’ektlar, yo‘llar, suv va elektr tarmoqlari barpo etilayotgani xalqning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Shofirkonda barpo etilayotgan har bir yo‘l, har bir maktab, har bir madaniyat markazi va har bir muhandislik tarmog‘i — Yangi O‘zbekistonning qudrati, Prezidentimiz tomonidan hududlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor va xalq manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yadigan davlat siyosatining yorqin timsolidir. Bugungi Shofirkon nafaqat o‘zgarmoqda, balki kelajak avlod uchun yanada obod, farovon va yashash uchun munosib hududga aylanib bormoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri