Prezident tabrigidan qalbimiz faxrga to‘ldi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev an’anaga ko‘ra, Yangi yil bayrami arafasida bir guruh samarqandlik faollar, ziyolilar va faxriylarga bayram tabrigi yo‘lladi.
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev ushbu tabrik va sovg‘alarni o‘z egalariga yetkazib, ularni bayram bilan tabrikladi.
Jumladan, viloyat rahbari manbashunos olim Komilxon Kattayev xonadoniga borib, Prezidentimizning bayram tabriklarini topshirdi.
– Yurtning faollari, faxriylariga shu yurt yetakchisining shaxsan o‘zi tabrik va sovg‘a-salom yuborishi kamdan-kam kuzatiladigan holat, – deydi Komilxon Kattayev. – Bu jihatdan biz baxti kulgan xalqmiz. Shavkat Mirziyoyev xalqparvar, inson qadr-qimmatini ulug‘laydigan samimiy, oqil rahbar. Yangi yil bayrami munosabati bilan u kishining menga yuborgan tabrigi va sovg‘alarini viloyatimiz hokimi uyimizga keltirib topshirdi. Oila a’zolarimiz bilan suhbatlashib, barchamizni bayram bilan tabrikladi. Albatta, bu e’tibordan boshimiz ko‘kka yetdi. Prezidentimizdan, viloyatimiz rahbarlaridan minnatdormiz. Ilohim, 2025 yil Vatanimiz, xalqimiz uchun fayz-barakali yil bo‘lsin!
Olimning xonadonidagi suhbat chog‘ida yurtimizda ilm ahliga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik, ayni paytda samarqandlik ziyolilar oldida turgan vazifalar tilga olindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri