Prezident sovg‘asi: endi ularning ham o‘z uyi bor
Farg‘ona viloyatida 7 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarga davlatimiz rahbari sovg‘asi – kvartiralar kalitlari topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq, erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilmoqda. 6 nafar marg‘ilonlik hamda 1 nafar buvaydalik yoshlar ham ushbu amaliy g‘amxo‘rlik natijasida o‘z uylariga ega bo‘ldi.

Ruhshona Mahmudjonova, Oyatillo Yusufjonov, Mahmudjon Murodilov, Alina Sachnyova, Gulshoda Pirmatova, Xayriniso Hoshimova va buvaydalik Alimardon Abdujalilovlar davlatimiz rahbari tomonidan ajratilgan mablag‘ hisobiga xarid qilingan va o‘z nomlariga rasmiylashtirilgan 1 xonali kvartiralar kalitlarini viloyat hokimidan qabul qilib oldi.

Yangi xonadon egalarining quvonchlari bir olam, ular berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizga minnatdorlik izhor qildi. Hozirda Ruhshona va Oyatillo o‘quv kurslarida kasbga o‘qitilmoqda. Alina va Gulshoda kasb-hunar maktablarida tahsil olmoqda. Mahmudjon shahardagi gilam yuvish korxonasida ish boshqaruvchi bo‘lib ishlaydi. Xayriniso 2 yoshli farzandi tarbiyasi bilan band. Alimardon esa oilali, bir nafar farzandi bor, ustachilik bilan shug‘ullanadi.


O‘tgan yili viloyat bo‘ylab 18 yoshga to‘lgan 29 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarga ko‘p kvartirali uy-joylardan kvartira taqdim etilgan bo‘lsa, bu yil 17 nafar yigit-qiz ta’mirlangan hamda to‘la jihozlangan uy-joylar egasiga aylanmoqda.
M.Sulaymonov,
O‘zA