Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini oziq-ovqat, jumladan, chorvachilik va parrandachilik mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida O‘zbekiston Qahramoni Lolaxon Murodovani xotirladi:
–Men Lolaxon opani ko‘p yillardan buyon juda yaxshi bilar edim. Oxirgi paytlarda betob bo‘lib, davolanayotgan edilar. Biz u kishi bilan doimo gaplashib, samimiy muloqot qilar edik. Xastaliklariga qaramasdan, har doim ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lib, el-yurt tashvishi, o‘z kasbiga sadoqat bilan yashadilar. Halol va fidokorona mehnatdan bir daqiqa ham to‘xtamadilar.
Lolaxon opa hayoti davomida juda ko‘p qiyinchilik va sinovlarni boshidan o‘tkazdilar. Mustahkam irodasi va matonatini namoyon etib, faqat oldinga intilib yashadilar. Opaning ulkan g‘ayrat va shijoatiga qoyil qolardim.
Haqiqiy o‘zbek dehqon ayoli timsoliga aylanib, davrimizning chinakam qahramoni sifatida yashadilar.
Ishonchim komil, Lolaxon opa yaratgan katta maktabni u kishining shogirdlari, o‘nib-o‘sib kelayotgan yoshlarimiz albatta munosib davom ettiradi. Bu fidoyi va vatanparvar yurtdoshimizning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi,– dedi davlatimiz rahbari.
O‘zA