“Prezident olimpiadasi”da qancha yoshlar ishtirok etadi?
Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining yo‘lga qo‘yilgani natijasida qisqa fursatda 103,1 ming nafar sport bilan professional shug‘ullanuvchi sportchilar qamrab olindi.
Bu haqda "Olimpiya shaharchasi"da tashkil etilgan matbuot anjumanida Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari aytib o‘tdi.
Anjumanda ishtirok etgan Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, Sport vazirligi bo‘lim boshliqlari Farhod To‘rayev va Muzaffarxo‘ja Rahmatxo‘jayev jurnalistlarning savollariga javob berish asnosida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining yakunlangan bosqichlarida erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Darhaqiqat, milliy terma jamoalarga sportchilarni quyi bo‘g‘inlardan saralash va seleksiya qilishga qaratilgan uch bosqichli “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari 10 ta olimpiya sport turlari, xususan boks, dzyudo, taekvondo, og‘ir atletika, erkin va yunon-rum kurashi, yengil atletika, badiiy gimnastika, stol tennisi, basketbol 3x3 bo‘yicha tashkil etildi.
15-17 yoshdagi sportchilar o‘rtasida o‘tgan mintaqaviy bosqich va hududiy bosqich bahslari to‘liq raqamlashtirilgan holda tashkil etildiki, bu, yangicha tizimdagi musobaqalar yuzlab iste’dodlarni kashf etish, ularning natijalarini tahlil etib borish, mashg‘ulotlardagi umumiy texnik holat tahlilini muntazam nazorat qilib borishda zarur shart-sharoitlarni vujudga keltirdi.
Qolaversa, “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari hududlarda mahoratli yosh sportchilarni tayyorlash borasidagi ishlarning qay darajada olib borilayotgani, murabbiy va mutaxassislarning kasbiy faoliyatini monitoring qilib borish imkoniyatini vujudga keltirdi.
Ikkita bosqichdagi musobaqalarda ishtirokchilarning 59 foizini (60,8 ming) umumta’lim maktablari to‘garaklari va sport klublari sportchilari tashkil etgan. Ishtirokchilarning 35 foizi (36,7 ming) sportchi-qizlardan tashkil topdi.
“Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” hududiy bosqich musobaqalari joriy yilning avgust oyida o‘tkazilib, 1-bosqichda saralab olingan 13,3 ming nafar sportchilar hamda ixtisoslashtirilgan sport maktabi, davlat ixtisoslashgan maktab internati, mahorat maktablarining 6,3 ming nafar shug‘ullanuvchilari ishtirok etdi.
Hududiy bosqich musobaqalarida g‘oliblikka erishgan 1,9 ming nafar sportchilar shu yil dekabr oyida bo‘ladigan “Prezident Olimpiadasi”da ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlanganidek, yangi O‘zbekiston g‘oyasiga hamohang tarzda o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan o‘yinlar mamlakatimiz sport hayotida yuksalishning yangi bir davrini boshlab berayotgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Mazkur o‘yinlar tizimining final bosqichida 1-2 o‘rinlarni egallagan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga hamda 3-o‘rinni egallagan sportchilar hududiy olimpiya va paralimpiya markazlariga joylashtirilishi kafolatlangani aytib o‘tildi.
Shundan so‘ng sport jurnalistlari "Olimpiya shaharchasi" majmuasida qad rostlagan “Velodrom”, “Markaziy o‘yingoh”, “Suv sporti”, “Jamoaviy sport turlari”, “Yakkakurash sport turlari” inshootlari bilan tanishdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Od72YvR-NrQ?si=dFoa5Ap_ZbV4nvgp" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>T.Ro‘ziyev, J.Toshxo‘jayev,
A.Mamadaminov (surat),
O‘zA