Prezident maktablari festivali
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi Prezident maktabida Toshkent, Nurafshon va Guliston Prezident maktablari o‘rtasida “4S (Spirituality, Sport, Science, Socializing)” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy festival tashkil etildi.
Ushbu festivalning asosiy maqsadi – yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, milliy qadriyatlar va sportni ommalashtirish, o‘quvchilarning bilim, iqtidor va ko‘nikmalarini namoyon etish, shuningdek, o‘qituvchilar o‘rtasida jamoaviy hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Festivalning tantanali ochilish marosimida Guliston Prezident maktabi ijrochi direktori Daler Isoqjonov mazkur tadbirning ahamiyati hamda ta’lim-tarbiya jarayoniga qo‘shayotgan hissasi haqida to‘xtaldi.
Har bir yo‘nalish uchun alohida maydonlar ajratilib, ishtirokchilar o‘z iqtidorlarini sport, fan, ijtimoiy faollik va ma’naviyat sohalarida namoyon qilishdi.

Festival doirasida futbol, voleybol, stol tennisi kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar, fanlarga oid mashg‘ulotlar, psixologik treninglar, shuningdek, milliy kinosan’atga bag‘ishlangan suhbatlar o‘tkazildi. “Suyunchi”, “Mahallada duv-duv gap”, “Temir xotin” kabi o‘zbek kino asarlaridan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Festival yakunida turli musobaqa va loyihalarda faol ishtirok etgan o‘qituvchi va o‘quvchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Prezident maktablari jamoalari kelgusida ham bu kabi hamkorlik loyihalarini davom ettirishga kelishib oldilar.
Prezident maktablari o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur festival ko‘tarinki kayfiyat, ijodiy muhit va do‘stona munosabat ruhida o‘tib, ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri