Prezident maktabiga kirish imtihonlari boshlandi
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Andijonda ham Prezident maktabiga kirish imtihonlarining saralash bosqichi o‘tkazilmoqda.
Test imtihonlari Andijon shahridagi Sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi asosiy stadioni 3-, 4- va 5-binolarida bo‘lib o‘tmoqda.
– Imtihon topshiruvchilar FaceID tizimidan o‘tib, belgilangan tartibda test sinovida ishtirok etmoqda, – deydi Davlat test markazi Andijon viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Rustam Azimov. – Test sinovlari hududiga kirishdan oldin o‘quvchilar dezinfeksiya yo‘lagidan o‘tkazildi. Umuman, test jarayonida tibbiy va boshqa xavfsizlik choralari ko‘rilib, karantin qoidalariga amal qilgan holda tashkil etilmoqda.

O‘quvchilar imtihonlarga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, imtihonga qatnashish ruhsatnomasi bilan kiritilmoqda. Test sinovlari joriy yilning 26-28 iyul kunlari 2 smenada (1-smena ertalab 8.00 da, 2 smena kech 19.00 da) bo‘lib o‘tadi.
Joriy yilda yangi barpo etilayotgan Andijondagi Prezident maktabining 5-10 sinflar uchun 144 nafar o‘quvchi qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Ota-onalar – test2021.uz sayti orqali imtihon jarayonlarini onlayn ravishda kuzatib borishlari mumkin.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA