Prezident kubogi g‘oliblari aniqlandi
Namangan viloyati Davlatobod tumanida barpo qilingan “Yangi O‘zbekiston bog‘i” amfiteatrida professional sportchilar o‘rtasida qo‘l jangi bo‘yicha “O‘zbekiston Prezidenti kubogi” uchun xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 20 iyundagi “Qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan musobaqada mamlakatimiz vakillaridan tashqari, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Armaniston, Italiya va Gana davlatlaridan tashrif buyurgan mahoratli charm qo‘lqop ustalari g‘oliblik uchun ringga ko‘tarildi.


Mukofot fondi 48 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur xalqaro turnirning qizlar ishtirokidagi 58 kilogramm vazn toifasida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Gulshoda Turg‘unboyeva belaruslik raqibasi Mariya Kryuchyonokga qarshi jang olib borib, muddatidan oldin g‘alabaga erishdi.


Erkaklar o‘rtasida 73 kilogramm vaznda jahon kubogi g‘olibi, jahon chempionati sovrindori Asadbek Hikmatov va italiyalik Andrea Pusterla o‘rtasidagi jang iqtidorli hamyurtimizning ustunligi bilan yakunlandi. Yana bir 73 kilogramm vazn toifasida omadini sinab ko‘rgan jahon chempionati sovrindori Husniddin Ro‘ziyev afrikalik Adjei Abdul Malikni ishonchli tarzda mag‘lubiyatga uchratdi.

Shuningdek, 88 kilogramm vaznda bahsga kirishgan mamlakatimiz chempioni, qator xalqaro turnirlar g‘olibi Sanjar Ravshanov va armanistonlik Aren Asatryan o‘rtasidagi jangda ochkolar hisobida hamyurtimiz zafar quchgan bo‘lsa, professional jangda 62 kilogramm vaznda xalqaro turnirlar g‘olibi G‘iyosiddin Jamoliddinov qozog‘istonlik Aman Shakirtovni yengdi.

Turnirning 80 kilogramm vazn toifasida jahon va Osiyo chempioni, o‘zbekistonlik Jahongir Jumayev rossiyalik jahon chempioni Nurmuhammed Beslanevni besh raund davom etgan shiddatli kurashda 3:2 hisobida yengib, chempionlik kamarini qayta qo‘lga kiritdi.
Prezident kubogining g‘oliblariga tashkilotchilar tomonidan diplom, qimmatbaho sovg‘alar va pul mukofotlari taqdim qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.