Prezident: Hech bir texnologiya bolaning qalbiga ustozdek yo‘l topa olmaydi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida «Yangi O‘zbekiston» universitetida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Uchrashuvda dunyoda bilim yaratish, axborot tarqatish va mehnat qilish usullari shiddat bilan o‘zgarayotgani qayd etildi. Sun’iy intellekt matn tayyorlashi, dastur yozishi va ma’lumotni tahlil qilishi mumkin. Lekin hech bir texnologiya bolaning qalbiga ustozdek yo‘l topib, unga Vatanga muhabbat va mas’uliyat tuyg‘usini singdira olmaydi.
Prezidentimiz ta’lim va ilm-fan fidoyilarining bir guruhini davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonni imzolaganini ma’lum qildi. Ular orasida pedagoglar bilan birga ta’lim rivojiga hissa qo‘shayotgan tadbirkorlar va xorijlik hamkorlar ham bor. Uchrashuvda mukofotlar o‘z egalariga topshirildi.
Davlatimiz rahbari mukofot sohiblarini tabriklar ekan:
— Ishoning, men ularni ko‘ksingizga taqib, sizlardan ham ko‘proq xursand bo‘lyapman, — dedi.
Shuningdek, ta’limning barcha bo‘g‘inlaridagi ilg‘or pedagoglarni rag‘batlantirish uchun jadid bobomiz Abdulla Avloniy nomidagi alohida davlat mukofotini ta’sis etish taklif qilindi. Uning ilk sohiblarini kelasi yilgi bayram arafasida e’lon qilish va taqdirlash ko‘zda tutilmoqda.
O‘zA