Prezident: Farg‘onada xorijiy turistlar oqimini yana 2-3 karra oshirsa bo‘ladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
—Tarixiy obidalar va betakror tabiatni o‘zida jamlagan Farg‘onada xorijiy turistlar oqimini yana 2-3 karra oshirsa bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz.
Buning uchun Qo‘qon va Marg‘ilonni ziyorat turizmiga, So‘x, Quva, Beshariq va Farg‘ona tumanlarini tibbiy va ekoturizmga ixtisoslashtirish zarurligi qayd etildi.
Kecha Quvada “Karkidon” suv ombori hududidagi turistik majmua bilan tanishildi. Ushbu suv ombori atrofida dam oluvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida favqulodda vaziyatlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Yurtimizda alohida toifalangan yana 25 ta suv ombori bor. Ularni ham bosqichma-bosqich aholi va turistlar gavjum maskanlarga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Kecha Marg‘ilonda “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasining ochilish marosimi o‘tkazildi. Mazkur majmua milliy qadriyatlarimiz va tariximizni dunyoga namoyon qiladigan go‘zal maskanga aylanadi.
Farg‘ona tumanida ham 2 ming 400 gektarda “Shohimardon – Yordon” xalqaro kurort zonasi, “Vodil” malina-agroturizm klasteri, “Avval” ko‘ngilochar turizm majmuasi, “Chimyon” sanatoriy-kurort zonasi qurilmoqda.
Bundan unumli foydalanib, kelasi yil yakunigacha 300 million dollarlik 50 ta loyihani ishga tushirish zarurligi qayd etildi.
O‘zA